Jamiyat | 12:33 / 24.08.2021
19735
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar matbuot kotiblarining reytingi e'lon qilindi

Respublika darajasidagi 139 nafar matbuot kotibidan 29 nafarining ish natijalari yuqori, 74 nafariniki o‘rta, 23 nafariniki qoniqarli, 13 nafarining faoliyati past darajada, deya baholandi. SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev reytingda vazirliklar orasida eng yuqori o‘rinni egalladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan respublika darajasidagi 139ta tashkilot va idoralar hamda 206ta tuman va shahar hokimliklari matbuot kotiblarining 2021 yil I yarim yillikdagi faoliyati samaradorligi o‘rganildi va ularning reytingi e'lon qilindi.

Ma'lum qilinishicha, matbuot kotiblari faoliyatini baholashda quyidagilar asosiy mezon qilib olingan:

– axborot xizmati rahbari faoliyati ish hajmi (o‘tkazgan matbuot tadbirlari, ularda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki ta'minlangani);

– axborot xizmati rahbari ish faoliyati sifati (matbuot tadbirlariga professional yondashuv, birinchi rahbarning ishtiroki, axborotni yetkazib berishda turli instrumentlardan foydalangan holda infografika, foto, video, audio va matn shaklida jamoatchilikka taqdim etish mahorati);

– axborot xizmati rahbari ish samaradorligi (tashkilot mutasaddi bo‘lgan sohalardagi muammolarni ko‘ra bilishi va o‘z resurslarida e'lon qilishdagi tashabbuskorligi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan materiallarga munosabat bildirishdagi tezkorligi, muayyan axborot voqeligi munosabati bilan rasmiy bayonot berishi kabilar).

Shuningdek, har bir axborot xizmati rahbarining reytingi o‘zi taalluqli bo‘lgan yo‘nalish doirasida o‘rganilib, tasniflangan. Unga ko‘ra, 2021 yil iyul oyiga qadar Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xulosalari asosida axborot xizmati rahbari lavozimiga rasman tasdiqlanib, faoliyat yuritib kelgan respublika darajasidagi 139 nafar matbuot kotibidan 29 nafarining ish natijalari yuqori, 74 nafariniki o‘rta, 23 nafariniki qoniqarli, 13 nafarining faoliyati past darajada deya baholangan.

Tuman va shaharlar hokimliklari kesimida 206 nafar matbuot kotibidan 10 nafarining faoliyati yuqori, 83 nafariniki o‘rta, 70 nafariniki qoniqarli, 38 nafariniki esa past darajada deb topilgan.

Nizom talablariga ko‘ra, markaziy tashkilotlar yo‘nalishida Markaziy bank, vazirliklar yo‘nalishida Sog‘liqni saqlash, Adliya, Xalq ta'limi, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Energetika, Mudofaa, Maktabgacha ta'lim, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Qurilish vazirliklari axborot xizmati rahbarlari 2021 yilning birinchi yarmida yuqori natija qayd etdi.

Boshqa tashkilotlardan Davlat soliq va Davlat bojxona qo‘mitalari, Davlat xizmatlari, «O‘zarxiv», Kadastr, Yoshlar ishlari, Prezident ta'lim muassasalari agentliklari axborot xizmati rahbarlari ham 2021 yilning birinchi yarmida yuqori natija qayd etgan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari yo‘nalishida Samarqand, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo viloyati hokimliklari axborot xizmati rahbarlari faoliyati ushbu davrda yuqori baholangan. Xorazm va Andijon viloyati hokimligi, Toshkent shahar hokimligi matbuot kotiblari faoliyati hokimliklar o‘rtasida eng past natijani ko‘rsatgan.

Shuningdek, matbuot xizmatlari tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan 3178ta tanqidiy materialning 2913tasi (yoki 92 foizi)ga rasmiy munosabat bildirilgan.

Mavzuga oid