Jahon | 18:48 / 03.09.2021
20525
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Panjsher yaqin kunlarda egallanishini ma'lum qildi

O‘z navbatida, qarshilik kuchlari vakili Fahim Dashtiy 450 nafar tolib o‘ldirilgani va 130 nafari asirga olinganini bildirdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

«Tolibon» harakati vakili Bilol Karimiy Panjsher viloyatining 20 foizga yaqin hududi nazoratga olinganini aytdi, deb xabar berdi «RIA Novosti».

«Panjsherda janglar davom etmoqda va islom amirligi jangchilari Panjsherning bir nechta tumaniga kirdi. Yaqin kunlarda viloyat ustidan nazoratni qo‘lga olamiz deb o‘ylayman. Necha kunligini aniq ayta olmaymiz, ammo yaqin kunlarda», — dedi Bilol Karimiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hovak va Kabisa tumanlari toliblar nazoratiga o‘tgan.

«Viloyatning 20 foizga yaqin hududi nazoratimizda», — dedi Karimiy.

O‘z navbatida, qarshilik kuchlari vakili Fahim Dashtiy 450 nafar tolib o‘ldirilgani va 130 nafari asirga olinganini bildirdi.

«O‘tgan tunda 350 ta yo‘ltanlamasda hujum qilgan sakkiz ming tolib to‘rt soatlik janglardan so‘ng ortga chekindi va pistirmaga tushdi. Ularda jiddiy yo‘qotishlar bo‘ldi. 450 terrorchi yo‘q qilindi, 130 kishi asirga olindi», — deb yozdi Dashtiy Twitter sahifasida.

Panjsher toliblar nazoratiga o‘tmagan Afg‘onistondagi yagona viloyat bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid