Business class | 17:03 / 05.09.2021
424584
10 daqiqa o‘qiladi

Nike tarixi: Olib sotarlikdan boshlangan muvaffaqiyat hikoyasi

Kun.uz “Biznes klass” loyihasi bu gal Nike kompaniyasi haqida hikoya qiladi. Xalqimiz orasida “Nayk” nomi bilan tanilgan brend aslida “nayki” deb talaffuz qilinadi.

Qariyb 60 yil avval amerikalik universitet bitiruvchisi sifatli sport oyoq kiyimlari yaratishni orzu qiladi va o‘shanda u boshlayotgan ishi 60 yildan so‘ng, qariyb 50 mlrd dollarlik dunyoning eng katta bizneslaridan biriga aylanib ketishini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. Keling, ushbu kompaniyaning kelib chiqish tarixiga nazar tashlaymiz.

1962 yilda Fil Nayt ismli talaba Stenford universitetini bitiradi. Bilamizki, ushbu universitet bugun dunyo miqyosida eng nufuzlilaridan biri. Bunga Fil Nayt kabi muvaffaqiyatga erishgan bitiruvchilar sabab bo‘lgani tabiiy. Lekin o‘tgan asrning 60-yillarida yaxshi daromad topish uchun Stenford universitetini tamomlash yetarli bo‘lmagan. Sizda, albatta, yaxshi g‘oyalar bo‘lishi kerak.

Fil universitetda yugurish sporti bilan shug‘ullanardi. Yugurishda orttirgan tajribalari orqali Nayt universitetdagi biznes darslarining birida quyidagi mavzuda chiqish qiladi: “Yapon kameralari nemis mahsulotlarini surib chiqardi. Yapon poyabzallari ham Amerika bozorini nemis brendlari “Adidas” va “Puma”dan tortib ola biladimi?”

Uning bu chiqishi universitet sahnasidagina qolib ketmadi. Stenfordni bitirar ekan, Fil o‘z g‘oyasi haqida jiddiy bosh qotira boshlaydi. Uning dastlabki maqsadi yapon oyoq kiyimlarini AQSh bozoriga olib kelishdan iborat edi. Bu paytga qadar u birorta sifatli yapon oyoq kiyimlarini ko‘rmagandi. U ko‘rganlari amerikaliklar Ikkinchi jahon urushi paytida qo‘shma shtatlarga olib kelgan eski oyoq kiyimlar edi.

Lekin bu narsa Filni to‘xtatib qola olmadi, aksincha o‘zi kabi oddiy amerikaliklar uchun noma'lum bo‘lgan yapon poyabzallari AQShda muvaffaqiyat qozonishiga ishondi. U yapon kompaniyalari bilan aloqaga kirishishi va ularning mahsulotlarini Amerikada sotish bo‘yicha kelishuvga erishishi kerak edi. Bularning barchasida Fil Naytning tajribasi yo‘q edi. Lekin bir ishga chin dildan kirishar ekansan, bunday bahonalar senga kulgili eshitiladi.

1962 yilning noyabrida u Yaponiyaga oddiy turist sifatida yo‘l oladi va ularning poyabzal ishlab chiqarish sanoatini yaqindan bilib olishga harakat qiladi. Kobe shahrida “Onitsuka Tiger” kompaniyasiga tegishli oyoq kiyimlar do‘koniga ko‘zi tushadi. Ushbu poyabzallarning sifati Filni hayratda qoldiradi va ularni Amerikaga import qilishni maqsad qiladi. U yapon kompaniyasi asoschisi Kiachiro Onitsuka bilan uchrashuvda o‘zini amerikalik poyabzal sotuvchisi sifatida tanishtiradi. U Onitsukadan mahsulotining AQShdagi sotuvchisi bo‘lishni so‘raydi va eksklyuziv sotish huquqini qo‘lga kiritadi. U birinchi gal 12 juft oyoq kiyimlarni olib ketadi va o‘z shahrida yugurish treklari atrofida o‘z mashinasi orqa bagajida sotadi.

Ochig‘i, bu o‘z mahsulotini sotishning eng sodda va samara berishi qiyin yo‘li edi. Shuning uchun, u bu sohani yaxshiroq biluvchi inson, universitetdagi murabbiyi Bill Bauermennga murojaat qiladi. Bu paytda Bill Amerikadagi eng mashhur yugurish murabbiylaridan biri edi. U bir qator olimpiyachilarni shug‘ullantirgandi. Unga “Onitsuka” poyabzallari juda yoqib qoladi va hamkorlik qilishni xohlaydi. Shunday qilib, Fil va Bill 1964 yilning yanvarida yangi “Blue Ribbon Spors” kompaniyasiga asos solishadi. Ikkalasi ham 500 AQSh dollaridan pul tikib, yangi biznesni yo‘lga qo‘yishadi. Ular bu pullarini har jufti 3,33 dollar bo‘lgan 300ta oyoq kiyimga buyurtma berishga sarflashadi.

Billning sport olamidagi tanishlari sharofati bilan iyul oyigacha xarid qilingan poyabzallar sotib bo‘linadi. Birinchi yilning o‘zida yigitlar 8000 ming dollarlik oyoq kiyimlarni sotishga muvaffaq bo‘ladilar. Bu pullar evaziga Fil o‘z kompaniyasiga sotuvchilarni yollaydi. Ikkinchi yilda sotuv hajmi 20000 dollarga yetadi va kompaniya Santa Monikada o‘zining ilk do‘konini ochadi. Fil mahsulotning sotilishi masalalari to‘g‘risida bosh qotirayotgan bir paytda, Bauermen yugurish texnikasi haqida kitob yozdi va u millionlab nusxada sotildi. Bu “Blue Ribbon Spors” uchun haqiqiy innovativ reklama bo‘ldi.

Bill doim yangilikka o‘ch edi. U “Onitsuka” oyoq kiyimlarini yanada takomillashtirishni xohlardi. Ularni yana ham yengilroq va yumshoq materiallardan tayyorlashni maqsad qilayotgandi. O‘z loyihasini Yaponiyadagi rahbarlarga yuboradi. Bauermen ularga mukammal poyabzal dizaynini yaratib beradi va uni “Kortez” deb nomlaydi.

1968 yilda “Kortez” eng ko‘p nusxada sotilgan oyoq kiyim bo‘ladi. Sababi shu yilda Mexikoda yozgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tgandi. 1969 yilda “Kortez” 300000 AQSh dollari miqdorida sotildi. U shu qadar muvaffaqiyat qozondiki, kompaniya amerikaliklarning mahsulotga bo‘lgan talablarini qondira olmay qoldi. Yaponiyadan qancha ko‘p nusxada “Kortez” kelsa, unga bo‘lgan talab shunday ko‘pligicha turaverardi. “Onitsuka” rahbariyati esa avvalo, yapon bozorini mahsulot bilan ta'minlab, ortganlarinigina AQShga yuborar edi.

Fil va Bill Amerikadagi dilerlar maqomidan qutulish payti keldi, deb hisoblashdi. “Kortez” Bauermenning loyihasi edi, biroq “Onitsuka” egalari ularni yetarlicha mahsulot bilan ta'minlay olishmadi. Ularning baxtiga, o‘zaro shartnoma muddati yakunlanib borayotgandi. Ular asos solish arafasida bo‘lgan yangi kompaniyaning muvaffaqiyati 1972 yilda o‘tkazilgan Myunxen Olimpiadasi bilan chambarchas bog‘liq.

1971 yilda Fil yangi brend nomi ustida ishlay boshlaydi. U kompaniyani tashkil etganda ishga olgan birinchi xodimi unga yangi brendni «NIKE» deb nomlashni tavsiya qiladi. Bu qadimgi yunonlarda g‘alaba xudosining nomi sanalardi. Logo tanlashda ham Fil tavakkalchilikning eng sodda yo‘lini tutdi va bu ish berdi. U o‘ziga eng yaqin bo‘lgan universitetga bordi va grafik dizayn yo‘nalishida tahsil oluvchi ilk uchratgan talabasidan yangi kompaniyasi uchun logo yasab berishni so‘raydi. Karolin Devidson Fil Nayt taklif qilgan 35 dollar evaziga kelgusida daromadi 50 mlrd dollardan oshib ketuvchi kompaniya uchun tarixiy logoni yasaydi. Solishtirish uchun, Stiv Jobs qiymati yarim milliardga ham yetib bormagan “NeXT” brendi uchun logoni 150 ming dollar evaziga chizdirgan.

Brend masalasi to‘liq hal etilgach, Fil Olimpiadaga o‘zini to‘liq tayyor holatda his etdi. Endi unda mualliflik huquqi bilan bog‘liq muammolar, yapon rahbarlariga bo‘ysunish majburiyati kabi qiyinchiliklar yo‘q edi. U erkin biznesda muvaffaqiyatliroq bo‘lib chiqdi. 1989 yilga kelib “NIKE” dunyoning eng ommabop sport poyabzallari brendiga aylandi. Bunda muvaffaqiyatli brending va “Just do it” slogani katta o‘rin tutdi.

“NIKE” dunyoning eng mashhur sportchilari bilan shaxsiy shartnomalar yo‘lida juda faol bo‘ldi. Maykl Jordan bilan tuzilgan shartnoma va “Eyr Jordan” loyihasi kompaniyaga mislsiz muvaffaqiyat keltirdi. Afsonaviy golfchi Tayger Vuds va tennisdagi “maestro” Rojye Federer bilan tuzilgan shartnomalar ham kompaniya rivojida katta o‘rin tutdi. 2000 yildan e'tiboran “Nike” dunyoning eng tomoshabop chempionati – Angliya Premer-ligasi bilan shartnomaga ega. Ushbu kompaniyaning muvaffaqiyatida dunyo sportidagi katta nomlar bilan tuzilgan shartnomalar katta rol o‘ynadi.

2020 yilning may oyi natijalariga ko‘ra, “Nike” kompaniyasining bahosi 37,6 mlrd yevro, deb ko‘rsatilgan. Unda dunyo bo‘ylab jami 75400ta ishchi faoliyat olib boradi. 2020 yilda sof daromad 2,54 mlrd yevroni tashkil etdi. Ushbu yil statistikalariga ko‘ra, kompaniyaning jahon bo‘yicha 45ta davlatda rasmiy ofislari bor. 700dan ortiq do‘konlar tarmog‘i bilan shartnomalarga ega.

2021 yilda “Nike” do‘konlari Yer shari bo‘yicha 1048taga yetgan.

Abdulbasid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid