O‘zbekiston | 18:43 / 29.09.2021
36723
2 daqiqa o‘qiladi

10 dan ortiq bukmekerlik saytlarining O‘zbekistondagi faoliyati cheklandi

O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘ndan ortiq saytlarga kirish cheklandi. Cheklov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda amalga oshirilgan.

Foto: Getty Images

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar) shuningdek, Jinoyat Kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)ga binoan bu turdagi faoliyat hali ham noqonuniy hisoblanadi. Shu bilan birga «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra reklamada ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risidagi axborotni, jumladan, totalizator va bukmekerlik idoralari haqidagi ma'lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, muntazam ravishda agentlik xodimlari tomonidan internet tarmoqlarida joylashtirilayotgan reklama ma'lumotlarining qonunchilik talablariga muvofiqligi o‘rganib borilayotgani ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 aprel kuni Andijon viloyatida bukmekerlik idoralari ochiqcha faoliyat yuritayotgani, ko‘chada reklamalari joylashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Andijondagi shahar va tumanlar hududlarida doimiy olib borilayotgan kuzatuvlar davomida qonun hujjatlariga zid ravishda joylashtirilayotgan tashqi reklamalar, shu jumladan 1XBET bukmekerlik kompaniyasi qimor o‘yinlari reklamalari bartaraf etilayotganini bildirgan.

Mavzuga oid