O‘zbekiston | 10:15 / 05.10.2021
4844
5 daqiqa o‘qiladi

Fermerlikdan qadr topgan ayolman

Qishloqda o‘sib ulg‘aygan oddiy ayolman, yoshligimdan dalaga mehr berdim. Qachonlardir o‘zim ham mustaqil ravishda yerga egalik qilib, imkoniyatlarim va tajribamdan foydalanishni niyat qilgan edim. Ushbu niyatlarim mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq ro‘yobga chiqdi.

2000 yilda fermer xo‘jaligi tashkil etdim. Har yili o‘zimizga tegishli 59 gektar maydonga paxta ekkanmiz. To‘g‘ri, dastlabki yillari ancha qiynaldim, chunki yer bilan tillashish uning dardini bilish mashaqqat va vaqt talab kilar ekan, sabr-toqat qildim. Tajribali paxtakorlar, yer bilan tillasha oladigan dehqonlar ko‘magiga tayandim. Natijada paxtachilik, g‘allachilik va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirish sir-asrorlarini o‘rgandim.

Dastlabki yillarda paxta va g‘alla yetishtirish bir tomon, uni yig‘ishtirib olishning zahmati esa ikkinchi tomon bo‘lishini o‘z faoliyatimda ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

Ayni g‘alla o‘rimi qizg‘in pallaga kirgan payti kombaynlarning taqchilligi oqibatida navbat kutishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, paxta mavsumi undan ham tashvishli bo‘lardi.

Sababi, xohlaysanmi-yo‘qmi qo‘shimcha terimga jalb etiladiganlarga yotoq joy tayyorlash, kunlik terimga jalb qilinadiganlarni kutib olish, transport xarajatlarini qoplash fermerning zimmasida edi.

Paxta maydonlari keyingi ikki yilda to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazildi. Buning uchun subsidiya va boshqa imtiyozlar berilmoqda.

Fermerlikni o‘z zimmasiga olgan har bir tadbirkor nafaqat mahsulot yetishtirish, balki bilim olishi, ilm-fan yutuqlaridan xabardor bo‘lib uni amaliyotda qo‘llash bilan bir vaqtda matbuot va internet tarmoqlaridagi ma'lumotlardan ham xabardor bo‘lishi zarur.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarga “Paxta, klaster va selektor” nomli maqolani o‘qib qoldim. Hayotning past-balandi quvonch va tashvishlarini ko‘rgan oddiy fermer sifatida o‘z fikrimni bildirishni lozim deb topdim.

Xudoga shukr, qancha qiyinchilik, tabiat injiqliklari va havo haroratining keskin ko‘tarilishi va suv tanqisligiga qaramasdan men kabi mamlakatimizdagi sakson mingdan ortiq fermerlar mo‘l hosil yetishtirib, misqollab terib olish choralarini ko‘rmoqda.

Eng asosiysi, terim majburiy bo‘lmayapti. Birinchi galda ishchilarimiz va mahalladoshlarimiz ixtiyoriy ravishda terimga chiqib, ob-havoning sovuq kunlariga qolmasdan, bor hosilni yig‘ishtirib olishga ko‘maklashmoqda. Terim pullarini har kuni olish evaziga aholining moddiy ta'minoti yaxshilanmoqda. Daladagi terimchilarga to‘liq sharoit yaratib berganmiz. Uch mahal issiq ovqat bepul tashkil etilishi bilan birgalikda o‘z hisobimizdan qo‘shimcha terim pullari hamda qimmatbaho sovg‘alar berishimiz terim sur'atining kundan-kun oshishiga xizmat qilyapti.

Paxta yig‘im-terimi davrida har kuni selektor yig‘ilishi o‘tkazilyapti. Fermerlarning vaqti olinyapti, degan gaplar asossiz. Vaholanki, har bir mavsum oldidan uning tashkiliy masalalari ko‘rilib, tegishli choralar belgilab olinadi. Bu yil ham xuddi shunday bo‘ldi. Hozirgi fermer avvalgi fermer emas, aloqaning turli tezkor tarmoqlariga ulanganligi sababli yuz, ikki yuz kishi bir joyda to‘planmasdan topshiriqlar olishadi. Bu yil ham bir marta mavsum boshlanishi oldidan shunday topshiriqlarni oldik, klasterlar bilan uzviy hamkorlik bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Hisoblab ko‘rsam, bir tonna paxtadan 340 kilogramm tola, 55-60 kilogramm chigit, 50-60 kilogramm momiq, 380 kilogramm kunjara, 310 kilogramm sheluxa, umuman 92 turdagi mahsulot olish imkoniyati bor ekan.

Bularning hammasi men kabi zahmatkash fermerlarimizning peshona teri mahsuli ekanligini unutmasligimiz kerak. Bu masalaning bir tomoni bo‘lsa, ikkinchisi davlat tomonidan mehnatning qadr topishi va qadrlanishi ekan.

Men ana shu yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman va g‘ururlanaman. Kamtarona mehnatlarimning natijasida qator davlat mukofotlari sohibi bo‘ldim. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvoni bilan taqdirlanganim, mehnatimga berilgan yuksak baho deb bilaman.

Zaynab HAYDAROVA, Narpay tumanidagi “Mehnat rohat” fermer xo‘jaligi rahbari Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid