O‘zbekiston | 10:08 / 07.10.2021
14086
2 daqiqa o‘qiladi

«Chorvoq oromgohi» yaxlit mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat tender komissiyasi qaroriga asosan Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq oromgohi” dam olish maskanining yaxlit mulkiy majmua sifatida ommaviy savdo jarayonlari boshlanganini va shu sababli dam olish maskanining 8ta alohida lotlari bo‘yicha savdo jarayonlari to‘xtatilganini e'lon qildi.

Foto: Kun.uz

Davlat aktivlarini sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi. Bunda, birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi, ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Qayd etilishicha, alohida shartlar quyidagilardan iborat:

  • dam olish maskanida kelgusida mehmonxona va/yoki boshqa turizm infratuzilmasini saqlab qolish va rivojlantirish;
  • daraxt va butalarning kesilishiga joriy etilgan moratoriyga rioya etish talabi qo‘yiladi;
  • “Chorvoq oromgohi” dam olish maskanining “IMPRO GmbH” LTD (Germaniya) oldidagi 573 568,47 YeVRO miqdoridagi qarzdorligini to‘lash (2022 yil 1 fevraldan boshlab grafik asosida).

Davlat aktivini sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan holatlarda, savdolar o‘tkazilmagan deb e'tirof etiladi. Talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda (ko‘pi bilan 36 oy) amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi.

Mavzuga oid