Jamiyat | 18:46 / 12.10.2021
48288
12 daqiqa o‘qiladi

«Kalmar o‘yini» – dunyo nigohini ekranga «mixlab» qo‘ygan serial tahlili

Netflix tomonidan namoyish etilgan va dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otgan «Squid Game» nomli yangi serial so‘nggi kunlarda internet tarmog‘ida eng ko‘p qidirilgan mavzulardan biriga aylandi. Ayni paytda esa mazkur kartina sud da'volari bilan kun tartibida turibdi.

Kinoshunos Otabek Tillayev muallifligidagi «Article» loyihasining navbatdagi maqolasi ushbu serial va uning tahliliga bag‘ishlanadi.

Foto: Netflix

Serial mavzusi

«Squid Game» – raqamli translatsiya platformasi hisoblangan Netflix mahsulotidir. Janubiy Koreya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan mazkur serialda hayotda omon qolish uchun kurash mavzusi drama, sarguzasht, ekshn, distopiya va fantastik realiti-shou ruhida aks ettiriladi.

«Squid Game» inglizcha squid (kalmar – o‘n oyoqli mollyuskalarning kenja turkumi – tahr.) va gameo‘yin so‘zidan olingan bo‘lib, serialni o‘zbekchada «Kalmar o‘yini» deb atash mumkin. «Kalmar o‘yini», asli, Janubiy Koreya bolalar o‘yinining nomidir. Shafqatsizlik «doza»si unchalik past bo‘lmagan bu o‘yin o‘zida raqobat tushunchasini mujassam etadi.

Diqqat, materialda serial bilan bog‘liq spoyler mavjud.

Serialning asosiy syujyet chizig‘i moddiy qiyinchiliklar ichida qolgan yuzlab insonlarning bir o‘yinda ishtirok etish uchun taklifnoma olishi bilan boshlanadi. G‘olib esa 40 million dollarlik mukofotni qo‘lga kiritishi mumkin. Ammo bu o‘yinning har bir lahzasida o‘lim xavfi mavjud – raqiblardan bolalar o‘yinining qonli versiyasini o‘ynashlari, omon qolish uchun esa qo‘llarini qonga belashlari, do‘stlariga xiyonat qilishlari talab etiladi. Ya'ni hayot mashaqqatlaridan zada bo‘lgan, o‘rtaga tikilgan katta mukofot ilinjida o‘yinga qo‘shilgan ishtirokchilar tirik qolish uchun har qanday ishni bajarish majburiyati ostida. Tabiiyki, bir muddat omon qolishning uddasidan chiqqan o‘yinchilar keyingi bosqichga o‘tar ekan, ular orasidagi guruhlashuv ham, qutblashuv ham, o‘lim tahlikasining ko‘lami ham tobora ortib boradi.

Foto: Netflix

Hissiyot bilan «o‘ynashuvchi» musobaqa

Aslida, nochor va iloj-imkonsiz qolgan odamlarning arena – jang maydonida so‘nggi nafasgacha kurashish konsepsiyasi antik Rim kabi qadimiydir. Oradan ikki ming yil o‘tganiga qaramay, hayot va mamot kurashiga asoslangan voqealar hali-hanuz keng tomoshabinlar ommasini hayajonga solib kelmoqda.

Mazkur motiv badiiy adabiyotga ham yot emas. Yozuvchi Stiven Kingning 1985 yilda nashr etilgan «The Running Man» («Yugurayotgan odam») asari ham buning yaqqol misolidir. Omon qolish uchun yugurish shart bo‘lgan musobaqa formati, albatta, King tematikasi va uning qo‘rqinchli tushlariga juda mos edi. Ammo bu format Stiven Kingdan oldin ham, keyin ham ko‘p bor ishlatilgan. Buning eng so‘nggi misollaridan biri Syuzanna Kollinzning «Ochlik o‘yinlari» turkumidir. Agar masalaga mana shu ramkadan qaraladigan bo‘lsa, 2021 yil tomoshabinlari bu turdagi badiiy va kinoasarlardan odatdagidan ko‘ra ko‘proq narsani kutishlari tabiiy edi.

Ta'kidlash joizki, «Kalmar o‘yini» ijodkorlari inson psixologiyasining o‘ta nozik nuqtalarini ishga solishadi – ular asosan tomoshabinning hissiyotlari bilan o‘ynashish yo‘lidan borishadi. Tabiiyki, qonli sahnalarning birinchi zarbasi o‘tib ketgach, o‘yinni tomosha qilish va undan kim chiqib ketishi (o‘lishi), kim esa davom etishini (tirik qolishi) taxmin qilishning o‘zi qiziq bir o‘yinga aylanadi.

Klishelar dengizi

«Kalmar o‘yini» – zo‘ravonlik sahnalarida qonni ko‘rsatishdan tortinmaydigan, vaqti-vaqti bilan buni o‘ziga xos qaramlikka aylantirgan serialdir. Hikoya qilish uslubi, syujyet borasida jiddiy kamchiliklar bor. Ammo bu nuqsonlar uning qiziqarliligi soyasida qolib ketadi. Boshqacha aytganda, qiziqarlilikning yuqori darajasi serialni shou dasturiga aylantirib yuboradi. Voqealar rivoji shu qadar hayajonli va tarangki, agar aqlni «ta'til»ga jo‘natish va 8 soatlik vaqtni hech narsa haqida o‘ylamasdan o‘tkazish kerak bo‘lsa, kartina buning uchun ajoyib imkoniyat. Ammo biroz tafakkur qila boshlashingiz bilan «Kalmar o‘yini» tomoshabin uchun qanchalik og‘ir ekani, tomoshabinni qanchalik holdan toydirishi mumkinligini anglaysiz.

Albatta, bu turdagi seriallar «mato»siga biroz falsafa suqilsa, unga klishe tamg‘asi urilishi muqarrar. Shunga o‘xshash holat Netflix’da porlagan La Casa de Papel’da ham kuzatilgan. Ssenariynavislar «odamlar pul uchun nimalar qilishi mumkinligi»ni tasvirlab berar ekan, chiqarilishi kerak bo‘lgan saboqni o‘ta didaktik tarzda qayta-qayta takrorlashadi. Albatta, bu «takrorlar», «yetkazilmoqchi bo‘lgan xabarning tagiga chizib qo‘yish» holatlari mahsulotni keng ommaga tarqatishning eng oson usullaridan biridir. Ammo unutmaslik kerakki, haddan ortiq ko‘p ishlatilgan bu kabi fleshbeklar kinoasarning sifatiga jiddiy putur yetkazadi. Ammo, aftidan, ijodiy guruh ongli ravishda tomoshabin mahsulotni tez va o‘ylamay iste'mol qilishi kerak, degan fikr asosida ish olib borganday.

Foto: Netflix

Hikoya ichida hikoya uslubi

«Kalmar o‘yini» hikoya ichida hikoya yaratish uslubi bilan tomoshabin diqqatini tortadi. O‘z akasini qidirayotgan politsiya xodimining tashkilotga «sizib» kirishi natijasida parda ortidagi yashirin sirlar asta-sekin fosh bo‘la boshlaydi. Ayni paytda, tashkilotning quyi pog‘onasidagi xodimlar musobaqa davomida o‘ldirilgan ishtirokchilarning tana a'zolarini kesib olib, g‘avvoslar orqali inson organlari bilan shug‘ullanuvchi mafiyaga sotishganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo bu hikoya chala qoladi va u hech bir xulosa bilan bog‘lanmaydi. Bu esa politsiya obrazi ba'zi bo‘limlarga atayin tomoshabinni chalg‘itish uchun kiritilgan degan taassurotni beradi. Shunday qilib, aslida, voqealar rivojini chuqurlashtirishi kerak bo‘lgan epizodik hikoyalar qoniqarli va mantiqli yakundan mahrum qilinadi. Chexov ta'biri bilan aytganda, o‘yin boshida devorga osilgan quroldan o‘yin oxirigacha o‘q otilmaydi.

Musiqadan foydalanish nuqtayi nazaridan ham serial stereotiplardan qochib qutula olmagan. Kontrast priyomini qo‘llash – klassik musiqalarning tinchlantiruvchi ta'siri bilan taranglikni kuchaytiruvchi musiqalarni zid qo‘yish – kinolaboratoriyada keng qo‘llanuvchi eski usullardan biridir.

Foto: Netflix

Ijtimoiy tabaqalashuv va yorqin kostyumlar

Kartina Janubiy Koreyadagi ijtimoiy tabaqalashuv va qashshoqlik muammosini ayovsiz tarzda ko‘rsatib beradi. Bu narsa qahramonlarning bir-biridan keskin farq qiluvchi yorqin kostyumlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yuzga tushirilgan to‘rtburchak shakli boshqaruvchilarni, doira shakli ishchilarni, uchburchak shakli esa askarlarni ifoda etadi. Ammo bu oddiy guruhlash tizimiday taassurot uyg‘otuvchi ramzlar, aslida, juda ko‘p narsani o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan majozlardan biridir.

Yerga ko‘milgan mantiq

«Kalmar o‘yini» – har bir sahnasi tahlil qilishga arziydigan va o‘zining chuqur ma'nolari bilan tomoshabinlarning intellektual darajasini o‘stirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan kinomahsulot emas. Uning maqsadi – «vaqtni maroqli o‘tkazish».

Ammo e'tirof etish lozimki, ijodkorlar o‘z qo‘llaridagi yashirin karta bilan tomoshabinni serialning oxirigacha «ushlab» turishning uddasidan chiqishgan. Ammo baribir garchi biz aqlimizni «ta'til»ga jo‘natib yuborgan bo‘lsak-da, yerga ko‘milgan mantiq tuproq ostidan sado beraveradi. Chunonchi, musobaqa davomida bir-biri bilan ancha «qalin» bo‘lib qolgan ishtirokchilarning mukofotni «birga» qo‘lga kiritish va bu do‘zaxdan «birga» qutulishga bo‘lgan qat'iy ishonchi. Qizig‘i shundaki, bu ishonch ular atigi uch kishi qolganda ham yo‘qolmaydi. Holbuki, o‘yin formati «raqibni o‘ldirish» yoki ularning «o‘limiga ko‘z yumish»ga asoslangandi. Qahramonlar finalgacha mana shu umidni qanday saqlab qolganlariga ishonchli javob berilmagani uchun bu savol havoda osig‘ligicha qolib ketadi.

Foto: Netflix

Xarakterga aylana olmagap «tip»lar 

Gi-Xun finalning birinchi choragida g‘olib chiqib, musobaqani tark etadi. Qolgan 30 daqiqada esa biz ssenariy mualliflarining talvasa ichra hikoyaga nuqta qo‘yish yoki ikkinchi mavsum uchun vergul qo‘yish harakatlariga guvoh bo‘lamiz. Gi-Xun metroda uni o‘yinga taklif qilgan odamni uchratib qoladi. U o‘yin davom etayotganini anglaydi va tashkilotni qulatish payiga tushadi. Shu tariqa serialning yangi mavsumiga ishora qilinadi.

Suvga yozilgan narsadan boshqa hech nimani tomoshabinga va'da qilmaydigan ushbu serial tahlilida aktyorlar mahorati haqida fikr bildirishdan tiyildik. Chunki serialda aktyorlik mahoratini namoyish qiladigan darajadagi chuqurlik yo‘q. Afsuski, barcha xarakterlar «tip» bo‘lishdan nariga o‘tolmaydi. Shuning uchun ham ular o‘z salohiyatini namoyish etish imkoniyatiga ega emas. Yomon odamning yomon ekani «boylik» bilan, yaxshining «yaxshi» ekani esa «fazilat» bilan izohlanadi. Oqibatda, na falsafiy, na intellektual bir asos o‘rtaga qo‘yiladi. 

Xulosa o‘rnida

E'tirof etish kerakki, Janubiy Koreya kinomahsulotlari o‘ziga xos uslub bilan butun dunyo tomoshabinlarini o‘ziga jalb qilib keladi. Ammo amalda Hollivud saltanati hukm surgani uchun ham u hamisha «asosiy oqim» bo‘lishdan yiroqda. Biroq keyingi yillarda hollivudcha «qarash» ham asta-sekin o‘zgarishlarga yuz tutib bormoqda: 2020 yilda Bong Jun Xoning «Parazitlar» filmi «Eng yaxshi rejissyor» va «Eng yaxshi film» uchun atalgan Oskarni qo‘lga kiritgani ham fikrimiz dalilidir.

Aytish mumkinki, «Kalmar o‘yini» Janubiy Koreya kinosanoatini butun dunyo bo‘ylab ana shu «ona oqim»ga har doimgidan ko‘ra yaqinroq qildi, aniqrog‘i, yaqin qilish yo‘lidagi juda katta masofani bosib o‘tdi. Netflix esa koreys madaniyatini eksport qilishda G‘arb tomon ochilgan asosiy eshiklardan biriga aylandi.

Otabek Tillayev,

kinoshunos.

Mavzuga oid