O‘zbekiston | 13:08 / 16.10.2021
4236
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida turistik zonalar qurishga 1 mlrd dollar jalb etiladi

Toshkent viloyatida turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Foto: Paul Yeung / Bloomberg

“Viloyatda turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshiramiz. Avvalambor, Amirsoy va Chimyon turistik majmualarida, Chorvoq suv ombori va “Toshkent dengizi” atrofida, Ohangaron, Angrendagi tog‘li hududlarda qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlari barpo etilishiga 1 milliard dollar investitsiyalar jalb etilib, 80 ming ish o‘rinlari yaratiladi. 

Parkent tumanini turizm markaziga aylantirish maqsadida, “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan Parkentning so‘lim go‘shalariga eltuvchi, 30 kilometr uzunlikdagi yangi magistral yo‘l quriladi, Toshkent shahridan Parkentga tezyurar avtobuslar qatnovi tashkil etiladi, tuman infratuzilmasiga 100 milliard so‘m ajratiladi, tumanda turizm uchun maxsus soliq rejimi joriy qilinadi. 

Bunda, tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi, yo‘l bo‘ylarida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlari barpo etilib, kamida 3 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Buning uchun, 200 milliard so‘m kreditlar ajratiladi. 1 foiz nima degani? Bu puldan davlatga hech qanaqa foyda yo‘q, shunchaki hisob-kitob uchun bu. Lekin maqsad nima, tadbirkorlik qil, oilangni boq, xalqqa foydang tegsin. Kerak bo‘lsa, shu 1 foizni ham olib tashlaymiz. 25 yil bu tizimga e'tibor bermadik.

Angren, Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaronda kamida 100 gektardan qir-adir yerlari dam olish maskanlari, dala hovlilari va yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun ochiq auksionga chiqariladi. Ohangarondagi “Ertosh-soy” va “Ovjaz-soy” qishloqlariga “turizm qishlog‘i” maqomi berilib, infratuzilma bilan to‘liq ta'minlanadi.

Viloyatning xizmatlar sohasida to‘liq ishga solinmagan yana bir yo‘nalishi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bugungi kunda, Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonna yuklar katta hajmli mashinalarda kirib chiqadi. Bu poytaxt ko‘chalarida tirbandlik, yo‘llar sifati va havoning tozaligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu viloyatda logistika xizmatlarini keng yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyat. Shu bois, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq va Toshkent tumanlarida xususiy investorlar tomonidan yuklarni taqsimlaydigan 4 ta yirik ulgurji savdo logistika markazlari quriladi.

200 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga O‘rta Chirchiq tumanidagi 150 gektar maydonda yirik sanoat parki va logistika markazi barpo etiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va yetkazib berish uchun 60 ming tonna quvvatga ega 2 ta yirik agrologistika majmuasi quriladi. Bular orqali viloyatda ishlab chiqariladigan sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari uchun ham kafolatlangan bozor ta'minlanadi.

Shuningdek, viloyat hududidan o‘tuvchi barcha xalqaro avtomobil yo‘llari atrofida, xorijiy loyihachilarni jalb etgan holda, Yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Bu orqali kelgusi besh yilda kamida 3 mingta loyiha amalga oshiriladi. Eng muhimi, ushbu dastur doirasida yer maydonlari emas, tayyor loyihalar ochiq auksionga chiqariladi.

Boshqa yo‘nalishlarda ham, Tojikiston bilan chegaradosh Bekobod tumanida savdo zonasi, Qozog‘iston bilan chegaradosh Chinoz tumanida erkin sanoat zonasi va Qibray tumanida qurilish materiallari va qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosi zonasi tashkil etiladi. Umuman, viloyatda xizmatlarning boshqa sohalarida qiymati 7 trillion so‘m bo‘lgan loyihalar amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid