Janubiy Koreyaning SSSR bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan prezidenti vafot etdi
Ro De U 88 yoshida shifoxonada olamdan o‘tdi. Uning o‘limining aniq sababi ma'lum qilinmagan.
Janubiy Koreya Respublikasining sobiq prezidenti Ro De U Seulda vafot etdi. Bu haqda uning yordamchilariga asoslanib Yonhap agentligi xabar berdi.
Sobiq prezident yaqinda sog‘lig‘i yomonlashgani sababli kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlar unga yordam bera olmadi
U mamlakatni 1988 yildan 1993 yilgacha boshqargan. Uning boshqaruvi davrida Janubiy Koreya sobiq sovet ittifoqi bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan.
Ro De U 1932 yilda tug‘ilgan, 1950-53 yillarda Koreya urushida qatnashgan, armiya zobiti bo‘lgan. U maktabda o‘qigan chog‘ida keyinchalik 1980-88 yillarda mamlakatga rahbarlik qilgan Chon Du Xvang bilan do‘stlashgan. Ro va Chon 1955 yilda birgalikda Koreya harbiy akademiyasini tamomlagan, 1979 yilda Ro De U general maqomini olgan.
1979 yil oktyabrida mamlakatda iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan prezident Pak Chon Xi o‘ldiriladi, dekabrda Chon va boshqa bir necha ofitserlar davlat to‘ntarishi amalga oshirishadi. O‘sha vaqtda yuqori martabali qo‘mondon bo‘lgan Ro unga hal qiluvchi yordamni ko‘rsatadi va Chon Du Hvang boshqaruvidagi xunta a'zosi bo‘ladi. Chon 1980 yil avgustida mamlakat prezidentiga aylanadi.
1981 yilda Ro harbiy xizmatdan iste'foga chiqadi va keyinroq qator vazirliklarda rahbar lavozimlarini egallaydi, jumladan siyosiy masalalar bo‘yicha vazir (1981), sport vaziri (1982) va ichki ishlar vaziri (1982) bo‘ladi. 1983-86 yillarda Seul olimpiya tashkiliy qo‘mitasi rahbari sifatida u Janubiy Koreyani 1988 yilda Seulda o‘tkazilgan Yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlaydi.
Ro De U 1987 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadi (u koreyaliklarning demokratik yo‘l bilan saylangan ilk prezidenti bo‘lgan) va 1988 yil 25 fevraldan o‘zining besh yillik muhlati uchun lavozimga kirishadi.
Prezidentlik davrida Ro Janubiy Koreya siyosatini demokratizatsiyalashtirish yo‘lidan boradi. Uning hukumati SSSR va Xitoy bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatadi, mamlakat 1991 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti safiga qabul qilinadi va o‘sha yili Shimoliy Koreya bilan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida bitim imzolanadi.
1993 yil fevralida Ro De U o‘rniga prezidentlikka Kim Yon Sam keladi, ko‘p o‘tmay u aksilkorrupsiya islohotlari doirasida Ro va Chonga qarshi ish ochtiradi.
1993 yilda Ro De U korrupsiyada ayblanib hibsga olingan, so‘ngra 1980 yilgi Kvanju namoyishlarini kuch bilan bostirishga bog‘liq holda vatanga xiyonatda ayblangan. 1996 yil avgust oyida Ro De U 22 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, keyinroq uning jazo muddati 17 yilga qisqartiriladi, 1998 yilda esa afv etiladi.
Mavzuga oid
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
18:56 / 25.11.2024
Janubiy Koreya prokuraturasi Samsung rahbari uchun 5 yil qamoq jazosi talab qilmoqda
15:50 / 25.11.2024
Janubiy Koreyada armiyadan bo‘yin tovlash uchun atay semirgan fuqaro qamaldi
02:35 / 12.11.2024