Jamiyat | 22:23 / 01.11.2021
39033
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik ikki qizaloq tashlab ketildi

Garchi otalari shu shaharda bo‘lsa-da, bolalar hozir vaqtincha hostelda yashab turibdi. O‘zbekiston bosh konsulxonasi Kun.uz'ga holat nazoratga olingani va qizaloqlar O‘zbekistonga yuborilishini ma'lum qildi.

Foto: Facebook

Facebook'dagi guruhlardan birida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 2 nafar o‘zbekistonlik qizaloqni ota-onasi tashlab ketgani haqida xabar tarqaldi.

“Bu bolalar Sankt-Peterburg shahrida – mehmonxonadami, militsiyadami ekan, otasi tashlab ketgan, onasi qayerdaligi noma'lum, qanday qilib elchixona bilan bog‘lanib yordam bersa bo‘ladi? Xorazmlik bolalar deyishyapti.

Grajdanskiy ko‘chasi, 10-uy manzilini berishdi. Vatandoshlar, kim bor Sankt-Peterburgda? Qizaloqlarga ko‘mak kerak”, – deyilgandi xabarda.

Ushbu e'lonni o‘qigan Kun.uz muxbiri holat yuzasidan O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulxonasi bilan bog‘landi.

Bosh konsulxonadan ma'lum qilishlaricha, hozirda qizlar shahardagi hostellardan birida vaqtinchalik istiqomat qilmoqda. Ularning ota-onasi ham aniqlangan. Ayni paytda ona Xorazmda, ota Sankt-Peterburgda ekani ma'lum qilindi.

Qo‘shimcha qilinishicha, qizlarning otasi bilan gaplashilgan; u konsulxonaga kelgach, hujjatlar bilan bog‘liq ishlar amalga oshiriladi. Bolalarni O‘zbekistonga yuborishda huquqiy to‘sqinlik bo‘lmasa, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi aviachiptalar xarid qilib, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi orqali vatanga yuboriladi.

Mavzuga oid