Komilov terrorizmga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik masalasiga to‘xtaldi
Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga AQSh harbiy bazalarini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini, lekin terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro shartnomalar doirasida ikki davlat razvedka ma'lumotlarini almashishi mumkinligini ta'kidladi.
Tashqi ishlar vaziri AQSh harbiy bazalarini joylashtirish borasida rasman va jiddiy bayonotlar berilishiga qaramasdan bu masala hamon ko‘tarilayotgani O‘zbekiston hukumatini hayron qoldirayotganini aytib o‘tdi.
«Birinchidan, yana bir bor ta'kidlayman, bu masala ko‘tarilmayapti, muhokama qilinmayapti va ko‘tarilmagan ham.
Ikkinchidan, O‘zbekiston AQSh bo‘ladimi yoki boshqa davlat bo‘ladimi, xalqaro shartnomalar va ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik qilishda davom etadi.
Razvedka ma'lumotlarini almashishga kelsak, agar biror davlat o‘z vaqtida taqdim qilgan razvedka ma'lumotlari jiddiy teraktning oldini olishga ko‘maklashsa, nega bundan foydalanmaslik kerak? Agar sizda shunday ma'lumot bo‘lsa, nega uni terakt tayyorlanayotgan davlatga bermaslik kerak?
Albatta, masalaning o‘ziga xosliklari bor: o‘zining muhim manbasini oshkor qilmaslik, ma'lumotni qanday shaklda uzatish – bular endi maxsus xizmatlarimiz faoliyatiga doir masalaning boshqa tarafi.
Shuning uchun, biz AQSh bilan terrorizmga qarshi kurash borasidagi masalalarni muhokama qilganimizda, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro amaliyot haqida gap ketayotgan bo‘ladi», – degan Abdulaziz Komilov joriy yilning 22 oktabr kuni rus nashrlariga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Amerika nashrlarida O‘zbekiston hududida AQSh terrorizmga qarshi kurashish kuchlari joylashtirilishi yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi haqida yozildi. Lekin O‘zbekiston tomoni bir necha bor (prezident matbuot kotibi, Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi rasmiylari) AQShning aksilterror bo‘linmalarini O‘zbekistonga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotgani ma'lum qilgan.
Ma'lumot uchun, AQSh qurolli kuchlari Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni amalga oshirishda 2001–2014 yillarda Qirg‘izistonning «Manas» aeroportidan hamda 2001–2005 yillar mobaynida O‘zbekistonning «Qarshi-Xonobod» harbiy bazasidan foydalangan.
O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga ko‘ra, mamlakat hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mavzuga oid
15:55 / 24.10.2024
Begunoh bolalar qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi - Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaro haqida
19:07 / 13.09.2024
Abdulaziz Komilov AQShning Afg‘oniston bo‘yicha vakili bilan uchrashdi
11:10 / 14.08.2024
Abdulaziz Komilov: «Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligiga erishish – tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi»
15:50 / 20.01.2024