O‘zbekiston | 07:46 / 02.11.2021
2084
3 daqiqa o‘qiladi

Mis sanoati uchun kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Mis sanoati klasteri uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda sohada tajriba-konstruktorlik va ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Prezidentning “Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirishda mis mahsuloti va u bilan bog‘liq sohalarda yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-texnologik klasterni (mis sanoati klasteri) tashkil etish belgilangan.

Bildirilishicha, mis sanoati klasteri uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlar hamda oliy ma'lumotli muhandis-texnologlarni tayyorlash, ularga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish va maqsadli mutaxassislar tayyorlash to‘g‘risida buyurtmalarni shakllantirish, ta'lim dasturlarini takomillashtirish, o‘quvchi va talabalarning tog‘-kon sanoati sohasi korxonalarida amaliyot o‘tashini tashkil etish zaruriyati vujudga kelmoqda.

Taqdim etilgan qaror loyihasi 3 banddan iborat bo‘lib, mis sanoati klasteri uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda sohada tajriba-konstruktorlik va ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish dasturini tasdiqlash belgilangan.

Qaror loyihasi bilan tasdiqlangan dasturda mis sanoati klasteri uchun kadrlar tayyorlashning quyidagi bosqichlarda:

  • mis sanoati klasteri uchun oliy ma'lumotli muhandis-texnologlarni tayyorlash;
  • mis sanoati klasteri uchun o‘rta bo‘g‘in mutaxassis kadrlarni tayyorlash;
  • mis sanoati klasteri uchun tayyorlanadigan mutaxassislarning sohaga oid korxonalarda amaliyot o‘tashini tashkil etish;
  • mis sanoati klasteri mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • mis sanoati sohasiga tajriba-konstruktorlik va ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish tizimi joriy etiladi.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi qabul qilinishi natijasida mamlakatda mis sanoati klasteri uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ular malakasini oshirish hamda sohada tajriba-konstruktorlik va ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish tizimining huquqiy asoslari yaratiladi hamda mazkur sohada mehnat bozori ehtiyojlari asosida kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid