O‘zbekiston | 19:19 / 17.11.2021
10939
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi 19 noyabr kuni amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidentligiga qayta saylanganidan keyingi ilk ikki tomonlama tashrifini 19 noyabr kuni Rossiyaga amalga oshiradi va RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 19 noyabr kuni tashrif bilan Rossiyaga boradi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki mamlakat yetakchilari Moskva shahrida muzokara o‘tkazadilar, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar. Qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ham ko‘zda tutilgan.

Tashrif arafasida Moskvada O‘zbekiston va Rossiya ikkinchi Ta'lim forumi va navbatdagi Hududlararo hamkorlik forumining qo‘shma tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham OAV vakillari bilan muloqotda bu tashrif haqidagi ma'lumotni tasdiqlagandi. «Ha, uchrashuv rejalashtirilmoqda. U Kremlda bo‘ladi», degan Peskov 19 noyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashishi haqidagi savolga javoban.

Ma'lumot uchun, bu Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan keyingi ilk xorijiy safari bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid