O‘zbekiston | 12:35 / 17.11.2021
42096
2 daqiqa o‘qiladi

«Zamdekan» mojarosi ortidan TDPU rektori ishdan olindi

«Zamdekan» mashmashalaridan so‘ng Nizomiy nomidagi Pedagogika universiteti rektori o‘zgardi.

Alisher Yusufboyevich Umarov Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori lavozimidan ozod etildi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, Abdug‘affor Karimjonovich Qirg‘izboyev Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining rektori etib tayinlandi.

Abdug‘affor Qirg‘izboyev / Kun.uz

Abdug‘affor Qirg‘izboyev 1962 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1985 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan, mutaxassisligi - tarix va jamiyat o‘qituvchisi. Tarix fanlari doktori, dotsent. U muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. 2019 yil noyabridan buyon Vazirlar Mahkamasining Davlat tilni rivojlantirish departamenti mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Muqaddam Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Alisher Umarov 2020 yil fevralida Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlangandi.

Alisher Umarov / Kun.uz

Oktabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqda TDPU dekani o‘rinbosari talabalardan biriga tegajog‘liq qilgani va talaba qiz o‘zini ikkinchi qavatdan tashlab, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar tarqalgan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi holat yuzasidan bayonot berib, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas'ullariga nisbatan ham qat'iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid