O‘zbekiston | 18:50 / 14.02.2020
41510
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari rektorlikka tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov lavozimidan ozod etildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Yusubjanovich Umarov Toshkent davlat pedagogika universitetining rektori etib tayinlandi.

Vazirlar Mahkamasining 14 fevral kungi 82-sonli «Oliy ta'lim muassasalari rektorlarini lavozimlarga tayinlash to‘g‘risida»gi qarori bilan Toshkent davlat pedagogika universitetining rektori Shavkat Safarovich Sharipov lavozimidan ozod etilgan. U 2013 yil mayidan buyon universitetga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Shavkat Sharipov

Hukumatning shu qarori bilan Jizzax davlat pedagogika institutining rektori Abdug‘ani Jumanazarovich Xolbekov ham lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rnini Toshkent davlat pedagogika universitetining endilikda sobiq rektori Shavkat Sharipov egallagan.

Alisher Umarov 1962 yil Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida tug‘ilgan, 1984 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan, fizika-matematika fanlari nomzodi.

U 2004 yildan 2016 yilgacha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro xodimi va YuNeSKOning Jakartadagi (Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha), Pnompendagi (Sharqiy Osiyo bo‘yicha), Moskvadagi (Mustaqil Davlatlar Hamkorligi va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo‘yicha) va Nyu-Dehlidagi (Janubiy Osiyo bo‘yicha) vakolatxonalari ta'lim departamenti boshlig‘i, 2016-2017 yillarda YuNeSKOning Bosh qarorgohi qoshida YuNeSKOning ta'lim sohasidagi siyosat, islohotlar va investitsiyalar bo‘yicha xalqaro eksperti bo‘lib ishlagan.

U 2017 yilda bir muddat O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi Xalqaro aloqalarni rivojlantirish boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi, 2018-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.

2018 yil noyabridan buyon O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov Namangan davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid