O‘zbekiston | 16:37 / 18.11.2021
59182
2 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev rasman Toshkent viloyatining yangi hokimi bo‘ldi

Davron Hidoyatov bir yil ishlamasdan viloyat rahbarligidan olindi. Toshkent viloyatiga yangi hokim tayinlandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Bugun, 18 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi. 

Shuningdek, Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar sektorlar rahbarlari, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, Senat a'zolari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari qatnashdi. 

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Zaynilobiddin Nizomiddinov prezident farmoni bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. 

Unga ko‘ra, 2021 yil yanvaridan buyon Toshkent viloyatiga rahbarlik qilib kelayotgan Davron Hidoyatov lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga shu vaqtgacha Qashqadaryo viloyatiga rahbarlik qilib kelgan Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Bundan avvalroq Davron Hidoyatov Toshkent shahri hokimi lavozimini egallashi haqida xabarlar tarqalgan, Kun.uz manbasi bu ma'lumotni rad etib, Hidoyatov Toshkent viloyatining Chirchiq shahri hokimi bo‘lishi kutilayotganini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, bu Toshkent viloyatida 2016 yil boshidan buyon viloyatga yettinchi bor yangi hokim tayinlanishidir:

  • Sodiq Abdullayev (2016 yil 4 fevral — 2016 yil 12 avgust)
  • Islomjon Ergashxo‘jayev (v. b.) (2016 yil 12 avgust — 2016 yil 15 dekabr)
  • Shukurullo Boboyev (2016 yil 15 dekabr — 2017 yil 30 oktabr)
  • G‘ulomjon Ibragimov (2017 yil 30 oktabr — 2019 yil 4 iyun)
  • Rustam Xolmatov (2019 yil 4 iyun — 2021 yil 30 yanvar)
  • Davron Hidoyatov (2021 yil 30 yanvar — 2021 yil 18 noyabr) 

Toshkent viloyatiga mustaqillik yillarida jami 14 nafar hokim ishlagan va viloyat bu borada respublikada birinchi o‘rinda (bundan keyingi natija Samarqand viloyatiga tegishli - viloyatning hozirgi rahbari Erkinjon Turdimov 12-rahbar bo‘lib turibdi).

Mavzuga oid