Jamiyat | 16:40 / 20.11.2021
26004
3 daqiqa o‘qiladi

“Parallel olam” - Kun.uz'da qisqa metrajli film

Biz amallarimizni faqat boshqa odamlardan yashira olamiz xolos.

Kun.uz o‘zining qisqa badiiy filmlar loyihasi – Kunuzcinema'ning ilk filmini taqdim etadi. Film Kun.uz ijodkori Shokir Sharipovning debyut ishi.

Insonga ato qilingan ko‘zlar barcha narsalarni ko‘ra olmaydi. Masalan, biz o‘z tanamizning tarkibiy qismlari – “g‘ishtchalari” bo‘lmish hujayralarni-da maxsus uskunalarsiz ko‘ra olmaymiz. Ammo o‘sha hujayralarning o‘zi ham har biri butun boshli bir olam bo‘lib, turli-tuman qismchalardan tashkil topgan, ular esa, o‘z navbatida, atomlardan, atomlar esa...

Hozirda zamonaviy fizika dunyoning tuzilishiga doir aql bovar qilmas nazariyalarni oldinga suryapti. Va mazkur nazariyalarning barchasi matematik hisoblashlarga asoslangan – xayol mahsuli emas. Bu nazariyalarga muvofiq, olamlar ko‘p bo‘lishi mumkin va ular biz – insonlar ko‘ziga ko‘rinib turadigan olam bilan parallel “yashaydi”.

O‘ta kichik zarrachalar dunyosida esa ajablanarli hodisalar yuz berib, zarrachalar o‘zlarini go‘yo ongli mavjudotlar singari tutishar, o‘tkazilgan ko‘plab tajribalarda ular kuzatuvchi bo‘lsa o‘zlarini bir xil, kuzatuvchi bo‘lmasa boshqa xil tutishar ekan...

Zamonaviy fizika matematik hisoblashlar vositasida keltirayotgan mazkur nazariyalar bilan tanishar ekanmiz, nogahon “g‘oyib olam” deb atalmish, e'tiqodimizning eng muhim unsurlaridan biri yodimizga keladi. Biroq, farq shuki, fizika bizga chizib berayotgan olam manzarasi – ko‘p o‘lchamli dunyo haqidagi nazariyalarda parallel olamlarning ma'naviy olamga aloqasi borligi haqida gapirilmaydi. Zero “ma'naviy olam” degan tushunchaning o‘zi yo‘q fanda.

Ajabmaski, kelajakda insoniyat o‘zga o‘lchamlarni o‘rganish darajasigacha yetib boradi, va nafaqat matematik ishlanmalar, balki amaliy tadqiqotlar bu haqda “gapiradi”. Va bir kun kelib ma'naviy olam mavjudligi belgilari haqida fiziklar so‘zlay boshlashadi. O‘shanda “jinoyat” tushunchasiga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlanadi...

Shokir Sharipov

Mavzuga oid