O‘zbekiston | 07:37 / 23.11.2021
2891
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlari dasturi ishlab chiqiladi

Prezident “2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi.

2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi, davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilmoqda.

Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi, davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika ta'minotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi, davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi, davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etiladi.

Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • ma'muriy islohotlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati o‘zaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymasligini ta'minlash, shuningdek, ishchi guruhlari ishini puxta va sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularning qo‘shimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;
  • vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqa davlat boshqaruvi organlari (keyingi o‘rinlarda – vazirlik va idoralar)ning davlat siyosatini amalga oshirish, nazorat funksiyalarini bajarish, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi funksiyalarini bo‘lish;
  • vazirlik va idoralar faoliyatida aniq ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishish tizimini joriy qilish;
  • davlat boshqaruvi asoslari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining zamon talablariga mos ravishda puxta ishlab chiqilishi hamda kiritilishini ta'minlash.

Belgilanishicha, ishchi guruhi a'zolari asosiy ish joyidagi vazifalardan to‘liq ozod qilinadi hamda tegishli davr mobaynida ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi. Vazirlik va idoralar rahbarlari ikki kun muddatda ishchi guruhlari tarkibiga kiritilgan a'zolar belgilangan tartibda o‘z ishida to‘liq faoliyat yuritishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid