O‘zbekiston | 19:42 / 24.11.2021
5168
4 daqiqa o‘qiladi

Tomorqa xizmati klasterlari tashkil etiladi

Foto: Kun.uz

Samarali faoliyat yuritayotgan tomorqa xizmati korxonalari negizida 35ta tomorqa xizmati klasteri tashkil etiladi. Bu haqda davlat rahbari videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

«Yer taqsimlashda hammasi odilona bo‘lishi lozim. «Hokimning jiyani, prokurorning nevarasi» degan gaplar bo‘lmasin. Endi qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi.

Yana bir masala – bugungi kunda 5,5 ming gektar yaroqsiz bog‘lar va 2,5 ming gektar tokzorlar, yana bir qancha samarasiz issiqxonalar mavjud.

Ushbu bog‘, tokzor va issiqxonalarga tajribasi bor tadbirkorlarni jalb qilish zarur. Bundan buyon, kadastr hujjati bo‘lgan bog‘, tokzor va issiqxonalar oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxsga o‘tkazilganda, yangi mulkdorga yerga bo‘lgan ijara huquqi ham o‘tadi.

Viloyat hokimlari Bog‘dorchilik agentligi bilan birga, bir oy muddatda yerdan oqilona foydalanmayotgan, kreditdan qarzi bor bog‘, tokzor va issiqxonalarni xatlovdan o‘tkazib, ularga kadastr hujjatlarini tayyorlashga ko‘maklashsin, tajribali tadbirkorlarni aniqlab, loyihalarni boshlasin.

500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun kelgusi yil 100 million dollar ajratiladi.

Tomorqada dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun, oilaviy tadbirkorlik dasturi shartlari asosida imtiyozli kreditlar beriladi.

Samarali faoliyat yuritayotgan tomorqa xizmati korxonalari negizida 35ta tomorqa xizmati klasteri tashkil etiladi. Ularda, ko‘chatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash sexi, inkubator, yem ishlab chiqarish kabi xizmatlar jamlanadi.

Masalan, Sharof Rashidov tumani «Gulchi opa tomorqa xizmati» rahbari Sharofat Noriyeva 150ta xonadonga gul ko‘chati, tovuq, qoramol va echki tarqatib, tayyor mahsulotni sotib olishni yo‘lga qo‘ygan. Natijada, har bir tomorqa egasi 300 million so‘mgacha daromad olgan.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ular omborxonalarni jihozlashi, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilishiga 30 foizgacha subsidiya beriladi.

Tomorqa xizmati korxonalariga urug‘lik, ko‘chat, mini texnika xarid qilishi hamda aylanma mablag‘ uchun hokim yordamchilari kafilligi asosida 300 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Suv ta'minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarining bir qismini budjetdan qoplash tartibi 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi va bunga kelgusi yilda 50 milliard so‘m ajratiladi. Unutmanglar, endi suv ko‘paymaydi, kamayib boraveradi. Shuning uchun suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilaverishimiz kerak.

To‘rtinchidan, aholi daromadini oshirish va bozorlar to‘kin-sochinligini ta'minlash uchun har bir xonadonda kamida 100ta parranda, 20ta quyon, 5-6ta qo‘y va echki, 5ta asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish shart», dedi davlat rahbari.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid