Jahon | 23:06 / 27.11.2021
31584
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: 1-2 dekabr kunlari davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 1-2 dekabr kunlari Rossiya ishtirokida mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma'lumotga ega ekanini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishida ukrainalik tadbirkor Rinat Axmetov ishtirok etadi. Zelenskiyda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, hukumatni to‘ntarish jarayoniga milliard dollar sarflashmoqchi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va tadbirkor Rinat Axmetov

«Bizda razvedka ma'lumotlari bor, hatto audio ma'lumotlar ham bor. U yerda Ukraina vakillari, aytaylik, Rossiya vakillari bilan Ukrainadagi davlat to‘ntarishida Rinat Axmetovning ishtiroki, milliard dollar jalb etilishini muhokama qilishgan», - deya ma'lum qildi Vladimir Zelenskiy 26 noyabr kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan «Ukraina prezidentiga 30ta savol» matbuot marafonida.

Zelenskiyning aniqlik kiritishicha, undagi ma'lumotlarga ko‘ra, Axmetovning shaxsan o‘zi davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rmayapti, biroq uni «RFning ayrim vakillari va ukrainalik ayrim o‘rtoqlar» jalb etishmoqda.

«Men bu ma'lumotni Axmetovni menga, davlatga qarshi urushga tortish deb hisoblayman. Bu vaziyatni izdan chiqarish», deydi u.

Prezident va xavfsizlik xizmati ixtiyoridagi yozuvlarda Rinat Axmetovning ovozi yo‘q. Shuning uchun Zelenskiy uni yozuvlarni tinglash va ma'lumot almashish uchun Bankovaya ko‘chasidagi prezident ofisiga taklif qildi.

Prezident jurnalistlarning ehtimoliy davlat to‘ntarishi tafsilotlari to‘g‘risidagi savollariga javob berishdan bosh tortdi va ushbu suhbat ishtirokchilari familiyalarini aytmadi.

2005 yilda «Sistem kepital menejment» guruhining energetik aktivlarini boshqarish uchun asos solingan Donbass yoqilg‘i-energetika kompaniyasi Ukrainaning yirik tadbirkori Rinat Axmetovga tegishli. Kreml Ukrainada davlat to‘ntarishini tashkil etish rejalarini rad etyapti.

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Zelenskiyning Ukrainada Rossiya ishtirokida davlat to‘ntarishi haqidagi bayonotini izohladi. «Rossiyada ishtirok etish bo‘yicha hech qanday reja mavjud bo‘lmagan. Rossiya bunday ishlar bilan hech qachon shug‘ullanmaydi», dedi u.

Mavzuga oid