O‘zbekiston | 22:05 / 30.11.2021
11714
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident “Yangi O‘zbekiston” massivlari loyihasi bilan tanishdi

Kelgusida 1 milliondan ortiq aholi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yashashi, ular “barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega” bo‘lishi ma’lum qilindi. 2022 yilda 22ta yangi massiv qurilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga oid loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, yangi massivlar kelgusida 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. 2022 yilda 22 ta yangi massiv qurilishi reja qilingan.

Ayni paytda yangi massivlar uchun shahar yoki tuman markaziga yaqin, infratuzilmaga ega joylar tanlanib, dastlabki loyihalar shakllantirilgan.

Ta’kidlanishicha, quruvchi tashkilotlarga yengillik berish maqsadida faqatgina ko‘p qavatli uy-joy maydonining o‘zi auksion orqali sotiladi. Tutash maydonlar esa, qurilish bitganidan keyin, uy-joy mulkdorlariga umumiy foydalanishga beriladi. Tadbirkorlik uchun yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali ajratiladi.

Davlat rahbari mazkur yangi mavzelarda ko‘plab maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kichik sanoat zonasi, tadbirkorlik obektlari tashkil etish orqali kamida 50 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

Hudud rahbarlari qurilishni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Eslatib o‘tamiz, “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish dasturi 2 noyabrdagi videoselektorda muhokama qilingan edi. Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida ham bu haqda aytgan edi.

Mavzuga oid