14:52 / 11.10.2021
11802

Yangi O‘zbekiston massivlari quriladi - Shavkat Mirziyoyev 

Joriy yildan boshlab Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Joriy yildan boshlab, “Bog‘dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura obektlarini o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi.

Birinchi bosqichda viloyatning Chiroqchi, Shahrisabz va Koson tumanlarida, ikkinchi bosqichda Yakkabog‘, Qarshi va G‘uzor tumanlarida ehtiyojga qarab qurilishlar davom etadi. Yangi massivlar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan tayyor holda foydalanishga topshiriladi. 

Aholini doimiy ish bilan ta’minlash maqsadida massivlar hududida 7 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Har bir massivda 20 gektardan iborat “Yoshlar issiqxona majmua”lari qurilib, u yerdagi 14 ming oilaga 10 sotixdan taqsimlab beriladi.

Shuningdek, Qarshi va Chiroqchi tumanlarining 5 ming gektar qir-adirlarida “Yangi O‘zbekiston massivi” barpo etilib, 8 ming kvartirali 300 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo markazi va boshqa obektlar quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda viloyatda jami 30 ming kvartirali qariyb 1 mingta ko‘p qavatli uylar va 2,5 mingta yakka tartibdagi uylar barpo etiladi

Bundan tashqari, 6 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1,7 ming dona transformator va 13 ta podstansiyada qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Natijada 729 ta mahalladagi 319 ming aholining elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid
Top