O‘zbekiston | 11:55 / 30.11.2021
7432
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Captiva sotib olmoqchi bo‘lganlarga pullarni qaytarishni boshladi

UzAuto Motors Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini sotib olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga mablag‘larini qaytarishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“UzAuto Motors AJ Chevrolet Captiva 5 avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha bekor qilingan shartnomalarning mablag‘larini qaytaradi va kompensatsiyani amalga oshiradi”, deyiladi ma'lumotda.

UzAuto Motors 2021 yilning 20 noyabr kuni Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar to‘xtatilgani haqida rasmiy bayonot bergandi.

Bayonotda mijozlar murojaatidan keyin 3 kun ichida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘langan barcha mablag‘lar to‘liq qaytarilishi, shuningdek, kompaniya qo‘shimcha ravishda oldindan to‘lov summasining 5 foizini kompensatsiya sifatida taqdim etishi keltirilgandi.

Ma'lum qilinishicha, Chevrolet Captiva 5 bo‘yicha jami 461 ta shartnoma puli to‘langan. Ayni paytda, 207 nafar xaridor Captiva 5 o‘rniga boshqa avtomobilni olishga qaror qilgani, 161 nafari esa to‘langan mablag‘ni qaytarilishi uchun ariza bilan murojaat qilgani va pullarini qaytarib olgani aytiladi. 

Kompaniya xabarida aytilishicha, 41 nafar mijoz kechagi kundan boshlab kompensatsiya sifatida taqdim etilgan 5 foizlik to‘lov summasini olgan.

“Qolgan xaridorlar ham o‘z mablag‘lari va kompensatsiyani yaqin ikki-uch kun ichida olishadi”, deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid