O‘zbekiston | 11:03 / 02.12.2021
18705
3 daqiqa o‘qiladi

DXX Toshkent shahrida narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida internet orqali sintetik narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. 

Ular tomonidan Toshkent shahrida ijaraga olingan 3 ta xonadonda “mefedron” sintetik narkotik moddasini yashirin laboratoriya sharoitida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

Maxsus tadbirlar natijasida ushbu xonadonlarda umumiy miqdorda 892 gramm “mefedron”, 45 gramm “alfa-PVP” sintetik narkotik moddalari, xomashyo sifatida foydalaniladigan 360 litrdan ortiq zaharli kimyoviy moddalar va prekursorlar hamda zarur asbob-uskunalar, himoya vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, guruh a'zolari tomonidan xufiya joylarga yashirib qo‘yilgan 898 gramm “mefedron” moddasi, 15 litr va 12 kilogramm miqdorida turli xil kimyoviy moddalar hamda 8 litr “bromketon” olib qo‘yildi.

Bundan tashqari, ulardan noqonuniy yo‘llar bilan bitkoin kriptovalutasida jamg‘arilgan 113 770 AQSh dollari ham musodara qilingan.

DXX xabarida ta'kidlanishicha, guruh a'zolarining 1992-2000 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 3 nafari Toshkent shahridagi hamda xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalari hisoblanadi.

Bugun narkokurerlar tomonidan sintetik giyohvand moddalarni mamlakatga xorijiy davlatlardan olib kelinishi ham kuzatilmoqda.

Xususan, yuk avtomashinasida chet eldan keltirilgan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kilogramm 994 gramm “mefedron” va 499 gramm “spays” moddalarini hamda 6 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga olindi.

Shuningdek, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro ham xorijdan yuk avtomashinasida olib kelingan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 500 gramm “geroin”, 947 gramm “gashish”, 500 dona LSD nomli sintetik narkotik modda hamda 60 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Toshkent shahrida internet tarmog‘i orqali narkotik moddalarni sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning faol a'zolari hisoblanadi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid