Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Omikron» noaniqlik bilan qo‘rqitmoqda, biznes zarar ko‘rishni boshladi
Dunyo koronavirusning yangi varianti to‘g‘risida deyarli hech nima bilmaydi. «Omikron» esa butun dunyo aholisi farovonligiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazishga ulgurdi. U odamlarni eng dahshatlisi ortda qolgani borasidagi ishonchdan mahrum qildi. Shu tariqa, ikki yillik koronavirus pandemiyasidan keyingi keng miqyosli iqtisodiy inqirozdan chiqishni sekinlashtirdi.
Koronainqirozdan keyingi tiklanish o‘z yo‘lida to‘siqqa duch keldi. «Omikron» varianti to‘g‘risidagi keyingi yangiliklar bu zararni bekor qilmaydi, faqatgina uning miqyosini aniqlaydi. Hatto ertaga rasmiylar va olimlar xavotir signalini chalishgani, u o‘quv mashg‘uloti bo‘lganini aytishsa ham qo‘rqqan va ehtiyotkor kishilar bunga ishonmaydi. Hozircha turizm va yo‘lovchi aviatashuvlari bevosita zarar ko‘rdi, biroq bilvosita zararni payqab olish mushkul emas.
«Omikron» Londonga o‘xshash yirik moliya markazlarida xodimlarning ofislarga qaytish borasidagi rejalariga putur yetkazdi. Bu esa ularning iqtisodiyotida aks etmay qolmaydi. Transport, markazdagi do‘kon va qahvaxonalarga sarflanadigan xarajatlar yana «qulaydi». Bu esa Rojdestvodan oldingi qaynoq mavsumda bemavrid bo‘ldi. Chunki rivojlangan mamlakatlarda iste'molning katta qismi aynan shu mavsumga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro konferensiyalar va hatto fevral oyida bo‘lib o‘tadigan Pekindagi Olimpiada ham xavf ostida qoldi.
Iste'mol nafaqat davlat cheklovlari, balki shaxsiy tashabbus bilan ham amalga oshirilmoqda. Virusning yangi variantidan qo‘rqqan kishilar bayram va ta'tillarni bekor qilishyapti, restoran, teatr va kinolarga borishmayapti.
«Omikron»: asossiz vahima yoki haqiqiy tahdid?
«Omikron» asosiy zarbani jahon iqtisodiyotining tiklanish poydevoriga berdi – u dunyoni aniqlikdan mahrum etdi. Virusning yangi varianti oldida paydo bo‘lgan qo‘rquv bo‘rttirilgan bo‘lsa ham, ish bajarib bo‘lindi: pandemiya ortda qolgani to‘g‘risidagi ishonchga darz ketdi.
Iqtisodiy o‘sishning asosiy dushmani – noaniqlik bir kechada qaytib keldi va jahon moliya instrumentlari hamda xomashyo bozorlarini «qulatdi». Ular dastlabki ortiqcha hissiy reaksiyani tezda to‘g‘rilab olishgan bo‘lsa-da, yakuniy zarar hali hisoblab chiqilmagan. Noaniqlik nafaqat iste'molga, balki iqtisodiy o‘sishning boshqa muhim tarkibiy qismlari – investitsiya, savdo va bandlikka ham putur yetkazdi.
AQSh Senatida tezkor bayonotlar bermaydigan Federal zaxira tizimi – AQSh Markaziy banki rahbari Jyerom Pauell ana shu masalani yodga solishga shoshildi.
«Covid-19 bilan kasallanish sonining o‘sishi va yangi variantning paydo bo‘lishi bandlik va iqtisodiy faollik uchun xavf tug‘diradi hamda inflatsiyani prognoz qilishda noaniqlikni keltirib chiqaradi. Aholining virusga nisbatan ortib borayotgan tashvishi avvalgi ish joylariga qaytishni istamaslikka olib kelishi mumkin. Bu esa mehnat bozori tiklanishini sekinlashtiradi va xomashyo hamda butlovchi qismlar yetkazib berishdagi uzilishlarni kuchaytirishi mumkin», dedi u.
Iqtisodchilar yirik iqtisodiyotlardagi fuqarolar virus bilan yashash tarziga moslashgan deya umid qilishmoqda. Yangi variantning paydo bo‘lishi esa emlanishni tezlashtiradi va pandemiya yakunlanishi jarayonini yaqinlashtiradi. Yevropaning ko‘plab mamlakatlari avvalgi hayot tarziga deyarli qaytishga ulgurishdi. Ularning zaxirasida sanitariyaning yumshoq qoidalari arsenali mavjud. Bu esa yetarli to‘siq vazifasini bajarishi va qat'iy cheklovlarga o‘tishning oldini olishi mumkin.
«Omikron»ga javob tariqasida Angliya vaksinaning uchinchi dozasi tarqatilishini tezlashtirdi va do‘kon hamda jamoat transportida niqob taqishni yana majburiy qilib qo‘ydi. Biroq «B» reja – uydan ishlash va restoran hamda qahvaxonalarda niqob taqishni joriy etmadi. To‘liq lokdaun haqida esa umuman og‘iz ochilmayapti.
Yirik jahon iqtisodiyoti bo‘lgan AQShda prezident Jo Bayden o‘tgan qish faslida kuzatilgan falajni chetlab o‘tishga va'da bermoqda.
«Virusning yangi varianti – xavotir uchun sabab, biroq vahima uchun sabab bo‘lolmaydi. Bugun u bilan kurashish uchun har qachongidan ham ko‘proq instrumentga egamiz. Joriy qish faslida koronavirusga qarshi lokdaunlar va taqiqlar bilan emas, emlash, qayta emlash, test qilish va boshqa choralar yordamida kurashamiz», dedi u.
Siyosatchilar tomonidan berilgan va'dalar va maqsadlar virusga dosh berishi aniq bo‘lmagunicha «omikron» yetkazgan iqtisodiy zararni oldindan aytib bo‘lmaydi. Dastlab epidemiologik zarar va rasmiylar tomonidan unga javob aniq bo‘lishi kerak. Bu bir necha hafta davom etadi va noaniqlik ishbilarmonlik faolligi va kamida iste'molni kelasi yil boshiga qadar to‘xtatib turadi.
Iqtisodchilar virusning yangi varianti tarqalishining hozirgi eng boshlang‘ich davrida hisob-kitob qilishga shoshilmayapti. Moody's xalqaro reyting agentligi «Omikron»ni jahon iqtisodiyoti tiklanishi yo‘lidagi to‘siq deb atadi, biroq uning kelasi yil uchun o‘sish prognozini o‘zgarishsiz qoldirdi.
«Faqat ayrimlargina hozirda pul tikishga tayyor. Goldman Sachs vaziyat rivojlanishining to‘rt variantini ko‘rib chiqdi. Eng yomon variantda pandemiyaning keng miqyosli yangi to‘lqini 2022 yilning dastlabki uch oyida jahon iqtisodiyoti o‘sishini avvalgi hisob-kitoblarga qaraganda ikki marta qisqartiradi. Biroq hatto bu holatda ham bir yil ichida iqtisodiyot 4,2 foizga o‘sadi. Mazkur ko‘rsatkich avvalgi prognozdan bor-yo‘g‘i 0,4 foiz bandga kamroq», deya AQSh banki tahlilidan iqtibos keltirmoqda Bloomberg agentligi.
Ammo yaxshi yangiliklar ham bor. Inqirozdan keskin chiqish va butun dunyoda xomashyo va butlovchi qismlar yalpi yetishmasligi fonida barcha narsani yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli «qizigan» inflatsiyani yangi lokdaun va hatto uning sharpasi ham «sovitadi».
Talab va maoshlar o‘sishi ortidan narxlar ham ko‘tariladi. Iste'mol va ishga olishning sekinlashishi ana shu bosimni pasaytiradi.
Demak, markaziy banklar biroz muddat davomida ultra yumshoq kredit siyosatini, rasmiylar esa inqirozda iqtisodiyot davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi siyosatini olib borishi mumkin. Bu esa inqirozdan chiqishni yumshoqroq va kam og‘riqli qiladi. Biroq iqtisodiyotni sun'iy komadan olib chiqish muddatining cho‘zilib ketishi uzoq davom etuvchi tiklanish va jiddiy chandiqlarga olib keladi.
Mavzuga oid
19:02 / 10.08.2023
JSST koronavirusning yangi «Eris» turi haqida xabar berdi
18:41 / 09.01.2023
Virusologlar yangi turdagi «kraken» koronavirusining xususiyatlarini ma’lum qilishdi
10:25 / 04.12.2022
SSV: O‘zbekistonda omikronning yangi varianti dominant versiyaga aylandi
14:05 / 21.10.2022