Jamiyat | 18:48 / 03.12.2021
33571
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda soliqchining o‘limiga sabab bo‘lgan YHXB xodimlariga sud hukmi o‘qildi

Foto: Videodan kadr

Joriy yil 10 iyun tunda Kattaqo‘rg‘on tumanida IIB YHXB xodimlari tuman soliq idorasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Ahmedovning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha aybdorlarga sud hukmi o‘qilgan.

Ma'lum qilinishicha, 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudida sudlanuvchilar M. Qo‘chqorov (1987 yilda tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB YHXB boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Sh. Rahimberdiyev (1990 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetgan. Aybdorlarga sud hukmi o‘qilgan.

E'lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, M.Qo‘chqorov va Sh.Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchilar 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ularning har biriga 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgan. Mazkur hodisa OAVda tarqalgach IIV matbuot kotibi munosabat bildirib, soliqchi boshqaruvidagi Cobalt svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganini, so‘ng haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringanini ma'lum qilgandi. Ammo Kun.uz surishtiruvida voqealar tafsiloti boshqacharoq bo‘lgani aniqlangandi.

Mavzuga oid