Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putinning Hindistonga tashrifi. Bu jahon siyosati uchun nimani anglatadi?
Putin pandemiyadan keyingi ikkinchi xorijiy safarini Hindistonga amalga oshirmoqda. Bu tashrif davomida Hindistonga S-400 havo hujumidan mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin amaliy tashrif bilan Hindistonga boradi va mamlakat bosh vaziri Narendra Modi bilan mudofaa va savdo sohalarida muzokaralar olib borishi kutilmoqda. Putin dushanba kuni kechqurun Dehliga uchishi kerak. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham muzokaralarda Rossiya prezidenti bilan birga qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Bu Putinning pandemiya davrida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan joriy yilning 16 iyun kuni Jyenevadagi uchrashuvidan keyingi ikkinchi xorijiy safari. Ko‘pchilikda nima uchun aynan Hindistonga degan savol tug‘ilmoqda.
Hindiston – AQSh aloqalari va Xitoy omili
Hindiston – AQSh munosabatlarining tobora rivojlanib borayotgani so‘nggi o‘n yil ichida Dehli – Moskva aloqalaridagi eng bezovta qiluvchi omillardan biridir. Modi 2020 yilda Trampning Hindistonga tashrifi munosabati bilan katta miting o‘tkazgandi. Bu esa Vashingtonni qo‘llab-quvvatlashning ochiqcha namoyishi bo‘lgandi.
So‘nggi yillarda Vashington bilan munosabatlari muttasil yomonlashayotganiga qaramay, Moskva bu kabi holatlarni e'tiborsiz qoldirib kelayotgandi. Ammo Hindiston Quad’ga – AQSh, Yaponiya va Avstraliya ishtirokidagi ittifoqqa qo‘shilgach, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ochiqcha gapirishga o‘tdi. Quad noharbiy ittifoq ekanligi va aniq bir davlatga qaratilmagani aytilgan bo‘lsa-da, bu javob Lavrovni qoniqtirmagan.
Quad (To‘rt tomonlama xavfsizlik dialogi) — Avstraliya, Hindiston, AQSh va Yaponiya o‘rtasida Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha strategik muloqot o‘tkazilishiga qaratilgan tuzilma. Birinchi muloqot 2007 yilda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe, AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni, Avstraliya bosh vaziri Jon Hovard va Hindiston bosh vaziri Manmohan Singh ishtirokida o‘tkazilgan va unda Xitoyning Hind va Tinch okeanidagi ta'sirini kamaytirish muhokama qilingan.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb «Hind-Tinch okeani strategiyasi»ni ilgari surish orqali Hindistonni Xitoyga qarshi o‘yinlarga jalb qilishga harakat qilmoqda. Moskvada xizmat qilgan sobiq hind diplomati Anil Trigunayatning aytishicha, Quad Rossiya uchun «qizil chiziq» bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarda qayta ko‘rib chiqiladi.
Moskvaning Quad bilan bog‘liq xavotirlarini Xitoy bilan so‘nggi yillarda yaxshilanib borayotgan munosabatlaridan ham tushunish mumkin. Trigunayatning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Osiyodagi iqtisodiy va geosiyosiy manfaatlarini ta'minlash uchun Xitoy bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga majbur bo‘lmoqda, chunki AQSh boshchiligidagi G‘arb ham mintaqada hukmronlik qilishga intilmoqda.
Xitoyning AQSh bilan tobora yomonlashayotgan munosabatlari ham Pekin va Moskvani yaqinlashtirmoqda. Ammo bu yerda vaziyatni murakkablashtiradigan narsa shundaki, Hindiston – Xitoy munosabatlari so‘nggi paytlarda keskinlashib bormoqda: ikki davlat qo‘shinlarining Galvan vodiysida to‘qnashuvi natijasida 20 nafar hind askari halok bo‘lgan. Keyinchalik Xitoy hukumati ham to‘qnashuvlarda harbiylari halok bo‘lganini tan olgan.
Vashingtondagi Vilson tahlil markazi direktori o‘rinbosari Maykl Kugelmanning ta'kidlashicha, yangi geosiyosiy holatlar «Hindiston – Rossiya munosabatlariga potensial xavf tug‘dirmoqda».
Shu nuqtayi nazardan, Putinning tashrifi alohida munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhimdir. «Menimcha, Moskvaning asosiy maqsad Dehli bilan munosabatlarining ahamiyatini kuchaytirishdir, hatto hozirgi geosiyosiy belgilar bunga qarama-qarshi bo‘lsa-da», — deya qo‘shimcha qiladi Kugelman.
Tahlilchilar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosi o‘zaro xavotirlarni hal qilish uchun yetarli darajada kuchga ega deb hisoblamoqda.
Mamlakatlar o‘rtasida muhokama qilinishi kutilayotgan masalalardan biri Afg‘onistondir. Chunki Hindiston bu mamlakatda o‘z ta'sirini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Yon qo‘shnisi va raqibi Pokistonning Afg‘onistondagi strategik mavqega egaligi hamda Rossiya, Eron va Xitoy bilan bu yerda norasmiy ittifoq tuzgani Hindistonni tashvishga solmoqda.
Rasmiy Dehli Moskvaga Afg‘onistonda yo‘qotilgan pozitsiyasini tiklashda yordam berishi mumkin bo‘lgan kuch sifatida qaraydi.
Hindiston va Rossiya allaqachon «Briks» (Braziliya, Xitoy, Janubiy Afrikani ham o‘z ichiga olgan tuzilma), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (Xitoy, Pokiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham o‘z ichiga oladi) va RIS (Rossiya, Hindiston va Xitoy) kabi ko‘p millatli tashkilotlarda sherik hisoblanadi.
Ushbu tashkilotlar doirasidagi hamkorlik Moskva va Dehliga ham ikki tomonlama, ham global masalalarda yaqindan hamkorlik qilish imkoniyatini beradi. Xitoyning ushbu forumlarda a'zoligi hisobiga Moskva o‘z ta'siridan foydalanib, Pekin va Dehli o‘rtasidagi bahsli chegaralarda tinchlikni saqlashda vositachilikni ta'minlashi mumkin.
Savdo va mudofaa
Tashrifdan ko‘zlangan maqsadlardan biri Rossiyada ishlab chiqarilgan S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlarini Hindistonga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash bo‘lishi mumkin.
S-400 «Triumf» majmuasi 2000-yillar boshida ishlab chiqilgan va Rossiya armiyasi tomonidan 2007 yilda qurollanishga olingan. Shundan keyin majmua bir necha marta modernizatsiya qilingan. Majmua havo hujumini olib boruvchi vositalar, jumladan samolyotlar, ballistik raketalar va gipertovushli qurolga qarshi mo‘ljallangan. U 250 km uzoqlikdagi va 25 km balandlikdagi nishonlarni ura oladi.
Tizim Hindistonga Xitoy va Pokistonga qarshi mudofaa tizimini yaratishda muhim strategik imkoniyatlar taqdim qilishi mumkin. Shu sabab Hindiston AQSh sanksiyalari tahdidiga qaramay, bu borada Moskva bilan hamkorlik qilishga intilmoqda.
2017 yilda Vashington tomonidan Rossiyaning bir qancha firmalariga sanksiyalar joriy qilingandi hamda Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar mudofaa sohasida har qanday bitimlarni imzolagan boshqa davlatlarga cheklov joriy etilishini ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilingan. Kutilayotgan kelishuv AQSh va Hindiston o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘lsa-da, Dehli Moskva bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Hindistonning Rossiya bilan S-400 bo‘yicha kelishuvga intilishi oqibatida ikki qudratli davlat bilan aloqalarini qanday muvozanatda ushlashini ko‘rish qiziq bo‘ladi. Hindiston diplomatlari S-400ni sotib olish qarori Hindistonning mashhur «strategik avtonomiya» amaliyotini ham qo‘llab-quvvatlaydi, deb hisoblaydi va ular AQSh buni hurmat qilishi kerakligini qo‘shimcha qilishmoqda.
«Sipri» tahlil markazi hisobotiga ko‘ra, Hindiston dunyodagi ikkinchi eng yirik qurol importchisi bo‘lib, jahon mudofaa savdosining qariyb 10 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hindiston o‘z portfelini diversifikatsiya qilish va mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga import hajmini 70 foizdan 49 foizgacha tushirganiga qaramay, Rossiya Hindistonning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda.
AQSh 2011-2015 yillarda Hindistonga Rossiyadan keyingi ikkinchi yirik qurol yetkazib beruvchi bo‘lgan, biroq 2016-2021 yillar oralig‘ida Fransiya va Isroil ham bu borada Amerikani ortda qoldirdi.
Shuningdek, Rossiya Hindistonga mudofaa eksportini ko‘paytirishni nazarda tutuvchi boshqa yirik bitimlar imzolashni ham taklif qilishi mumkin. Biroq ikki davlat o‘rtasidagi boshqa sohalardagi savdo hajmi ancha pastligicha qolmoqda. Hindiston hukumati hisobotiga ko‘ra, 2019 yilda o‘zaro tashqi savdo aylanmasi (pandemiyadan oldingi davr) 11 milliard dollarni tashkil etgan va ijobiy savdo saldosi Rossiya foydasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, Hindiston – AQSh tashqi savdo aylanmasi o‘sha davrda 146 milliard dollarni tashkil etgan.
Rossiya va Hindiston o‘z oldiga 2025 yil oxirigacha o‘zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsadini ham qo‘ygan.
Bundan tashqari Hindistonning Rossiya Uzoq Sharq mintaqasiga 1 milliard dollarlik kredit berish qarori ham mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni oshirishga yordam berishi mumkin. Chennay-Vladivostok dengiz yo‘lagi bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu yo‘nalish biznes uchun ko‘plab yangi imkoniyatlar ochishi aytilgan.
Hindiston va Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida erkin savdo shartnomasi bo‘yicha muzokaralar ham oldinga siljishi mumkin. Agar kelishuv amalga oshsa, bu tovarlarni ikki mintaqa o‘rtasida osonlik bilan tashishga yordam beradi.
«Savdo, mudofaa kelishuvlari dolzarbligicha qolar ekan, ikki davlat o‘zaro geosiyosatdagi tafovutlarni hal qilish yo‘lini topadi», deya qo‘shimcha qilgan janob Kugelman.
Mavzuga oid
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
14:20 / 11.06.2026