O‘zbekiston | 18:58 / 06.12.2021
18007
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston poytaxtida O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ramziy bog‘ichni kesib, yangi binoni tantanali ravishda ochdilar.

Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar elchixonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Zamonaviy bino yurtimiz quruvchilari tomonidan barpo etilgan. Xonalar milliy uslubda bezatilgan.

Diplomatik vakolatxona hududida asosiy bino, konsullik bo‘limi, xodimlar uchun uy, diplomatik missiya rahbarining qarorgohi, bolalar va sport maydonchalari joylashgan.

Muzokara xonalari, anjumanlar zalida barcha sharoitlar mavjud. Elchixonaning o‘z kutubxonasi ham bor.

Ish jarayonlarini samarali tashkil etishga alohida e'tibor qaratilgan, axborot texnologiyalari keng joriy qilingan. Bu yerdagi interfaol uskunalar muzokaralarni onlayn shaklda o‘tkazish imkonini beradi. Konsullik faoliyati uchun “elektron navbat” tizimi o‘rnatilgan, bu yerga keluvchilar ma'lumotlarni interfaol tarzda olish imkoniyatiga ega.

Alohida ehtiyojli odamlar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi elchixona binosida barchasi ish sifati va samarasi yuqori bo‘lishiga, qardosh mamlakat bilan sheriklikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

“O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi elchixonasi asosiy vazifasi – ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishdan iborat.

Barcha diplomatlarga xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘pqirrali sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, deyiladi O‘zbekiston prezidenti qoldirgan qaydda.

“Qozog‘istondagi yangi elchixona muborak bo‘lsin! Bu ikki qardosh xalqlarning do‘stligi yanada mustahkamlanishining yorqin timsoli. Elchilarga qozoq-o‘zbek xalqlari hamkorligi yo‘lidagi xizmatlarida omad tilayman”, deya yozgan Qozog‘iston prezidenti. 

 

Mavzuga oid