Jamiyat | 00:24 / 07.12.2021
45788
2 daqiqa o‘qiladi

Metroda 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Voyaga yetmagan qizga uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan shaxs sud tomonidan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.

Foto: IIB axborot xizmati

Toshkent shahar sudi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2021 yil 2 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi K.Sh.ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetgan va sud hukmi e'lon qilingan.

Hukmga ko‘ra, K.Sh. 2021 yil 18 sentyabr kuni Toshkent metropoliteni poyezdining vagonida JK 129-moddasining (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Mahkumga ish haqining 20 foizi miqdori davlat daromadiga ushlangan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 10 oy 21 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 sentyabr kuni Toshkent metropolitenining «Olmazor» bekatida 2008 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan A.E.ga nisbatan behayo harakatlar sodir etgan shaxs qidirilayotgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, qidiruvga berilgan shaxs qo‘lga olingandi.

IIV xabariga ko‘ra, K.Sh. 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, hozirda Olmazor tumanida istiqomat qiladi, muqaddam Jinoyat kodeksining 166- (talonchilik), 169- (o‘g‘rilik) hamda 127-moddalarida (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan.

Metrodagi voqeadan so‘ng, Toshkentdagi jamoat transportlarida tegajog‘likka duch kelinganda xabar beruvchi tugmalar o‘rnatildi.

Mavzuga oid