O‘zbekiston | 21:21 / 30.05.2022
17405
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat organ xodimlarining tasvirini g‘arazli niyatda internetga joylaganlarni jarimaga tortish va qamashni taklif qilmoqda

Huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videosini ularni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatganlik uchun 50 BHM jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi belgilashga oid qonun loyihasi parlament fraksiyalarida muhokama qilinmoqda. Beshta partiyadan uchtasi loyihaga qarshilik bildirdi. Ekopartiya qisman, “Milliy tiklanish” esa bir ovozdan loyiha yalpi majlisga olib chiqilishi kerak deb hisoblayapti.

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari bir nechta kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha hukumat kiritgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Loyihadagi bandlardan birida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xizmat vazifalarini bajarayotgan chog‘da olingan foto va videotasvirlarini ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish 50 BHM jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Shu va boshqa sabablar tufayli O‘zLiDeP, “Adolat” va Xalq demokratik partiyalari o‘z fraksiya yig‘ilishlarida loyihaga qarshi chiqqan. Ular buni ochiqlik tamoyillariga zid deb hisoblashmoqda.

Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, “Milliy tiklanish” fraksiyasida qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullangan va yalpi majlisga kiritishga qaror qilingan. Faqatgina Ekologik partiya yig‘ilishida bu masalada yakdillikka erishilmagan: partiyaning ayrim a’zolari loyihani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ayrimlari qarshilik bildirgan.

Ayni holatda qonun loyihasi ertaga, 30 may kuni bo‘lib o‘tadigan Qonunchilik palatasi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi noaniq bo‘lib qolmoqda. Kun.uz suhbatlashgan qator deputatlar ertaga bu masala ko‘rilishi ehtimoli kamligini bildirdi. Suhbatdoshlardan biri, shuningdek, ertangi yig‘ilish bir necha oylik tanaffusdan keyin ilk marta jonli efirga uzatilishiga ishora qildi.

Yopiq qarordan “o‘sib chiqqan” tashabbuslar

Kun.uz ixtiyoridagi qonun loyihasiga ko‘ra, hukumat yuqorida ta’riflangan yangicha javobgarlik turini MJtKga 195-5-modda sifatida qo‘shishni taklif qilmoqda.

Loyihada bu bandga asos sifatida 2022 yil 8 fevraldagi, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga oid 118-sonli prezident qarori ko‘rsatilgan.

Bu qaror jamoatchilikka e’lon qilinmagan bo‘lib, uning 4-bandida: huquq-tartibot organlari xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan video va fototasvirlarni ularning ruxsatisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri internet tarmog‘iga joylashtirishni taqiqlash hamda bunday xatti-harakat uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflar kiritish” vazifasi belgilangan.

Mart oyida Ichki ishlar vazirligi shu bandni yo‘l-patrul xizmati xodimlariga nisbatan tatbiq etishga uringan, bu borada ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilikning jiddiy e’tiroziga uchragandi.

Shuningdek, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev YPX xodimlarining tasvirini internetda tarqatishni taqiqlash bo‘yicha taklifga deputatlarning deyarli hammasi qarshi bo‘lganini aytgan. Advokat Ruslan Sodiqov esa bu orqali fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqi – axborot tarqatish erkinligi cheklanishini ta’kidlagan edi.

O‘z navbatida, IIV ayrim internet foydalanuvchilarining harakatlari xodimlarning haqoratlanishiga sabab bo‘layotganini aytmoqda. Buning fonida esa, deyarli har hafta ichki ishlar xodimlarining fuqarolarga nisbatan noqonuniy qilmishlari aks etgan videolar tarqalmoqda.

Ikki oy oldin bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova YPX xodimlarining xizmat faoliyati ruxsatsiz foto va videoga olinishiga qarshiligini bildirgandi. U o‘z fikrini tushuntirishga urinib, shaxsning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqi masalasini gapirgandi. Ortiqovaning fikricha, hatto matbuot anjumanlarida ham jurnalistlar uni suratga olish uchun undan ruxsat so‘rashi lozim.

Biroq ta’kidlash kerakki, davlat xizmatchilarini aynan ish vaqtida, ish jarayonida tasvirga olish ularning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqining buzilishi deb hisoblanishi – nizoli masala.

Ikki yil oldin e’lon qilingan Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasiga shu haqda norma kiritilgan edi. Loyihada davlat xizmatchilarini xizmat vazifalarini bajarish jarayonida tasvirga tushirish va bunday tasvirlardan foydalanish uchun ulardan ruxsat olish shart emas deb belgilanishi ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid