O‘zbekiston | 21:19 / 08.12.2021
61438
3 daqiqa o‘qiladi

65ta uy zarar ko‘rgan. Denovdagi portlash yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berildi

Surxondaryo viloyati Denov shahridagi savdo markazida yuz bergan portlashda 65ta uy zarar ko‘rgan, 6ta xonadon devorlari yorilib, yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Bu haqda shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

8 dekabr kuni Denov shahrida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrullo Inoyatov, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Masaliyev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda 7 dekabr kuni Denov shahrida joylashgan savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi.

Denov tuman hokimligi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, portlashdan so‘ng viloyat hokimligi tomonidan «Qishloqqurilishinvest» buyurtmasi asosida qurilgan 24ta yangi xonadon vaqtincha ijaraga olingan va uy-joyi yaroqsiz holga kelgan fuqarolar o‘sha yerga ko‘chirilmoqda. Bundan tashqari, uy-joyi jiddiy zararlangan 6ta xonadon vakillariga vaqtincha yashab turish uchun uy berilgan.

Matbuot anjumanida viloyat hokimi portlash oqibatida savdo markazi atrofida joylashgan 65ta xonadonga, bir qancha ijtimoiy soha obektlariga zarar yetganini ma'lum qildi. 6ta xonadonning devorlari yorilib, ularga jiddiy zarar yetgan, qolgan xonadonlarning faqat eshik va derazalari singan.

To‘ra Bobolov holat ishchi guruh tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilayotgani, fuqarolardan kimdir uyini ta'mirlash yetarli ekanini aytayotgan bo‘lsa, yana kimdir yangi uy olib berilishini so‘rayotganini, ishchi guruh xulosasi bilan adolatli qarorga kelinishini ma'lum qildi.

Denov tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Feruza To‘rayevaning Kun.uz’ga xabar berishicha, hozirda yengil zarar ko‘rgan xonadonlarni ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, vaqtincha boshqa joyga ko‘chirilgan oilalarga tuman hokimligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 7 dekabr kuni Denov shahridagi ikki qavatli savdo markazida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 9 kishi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Vayronalar orasidan 2 kishining jasadi topilgan.

Mavzuga oid