O‘zbekiston | 17:06 / 10.12.2021
23735
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Denovdagi savdo majmuasi buzib tashlandi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 7 dekabr kuni sodir bo‘lgan portlashdan eng ko‘p zarar ko‘rgan “Indenim” savdo markazi buzib tashlandi, deb xabar bermoqda ayni paytda voqea joyida surishtiruv olib borayotgan Kun.uz muxbiri.

8 dekabr kuni Denov tumani hokimligida tashkil etilgan matbuot anjumanida hukumat komissiyasi a'zosi – FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov hodisa oqibatida “Indenim” savdo majmuasi joylashgan binoning asosiy yuk ko‘taruvchi vertikal konstruksiyalari joyida turgani, faqatgina to‘suvchi devorlariga ziyon yetganini ta'kidlagandi.

“Savdo markazining ikki qavatli binosi ham seysmik, ham yong‘in xavfsizligi nuqtayi nazardan mustahkam qilib qurilgan. Gaz va havo chaqnashidan so‘ng ham uning asosiy yuk ko‘taruvchi vertikal konstruksiyalari joyida turibdi, to‘suvchi devorlariga ziyon yetgan.

Ayni paytda hodisa joyida ishchi guruh tomonidan viloyat hokimligining ko‘magida chaqnash natijasida yaroqsiz holga kelgan qurilish konstruksiyalari chiqarib tashlanmoqda. Bu ishlarga asosan FVVdan, ichki ishlar organlaridan, Milliy gvardiya va boshqa tegishli xizmatlardan harbiy xizmatchilar va qutqaruvchilar jalb etilgan”, deb aytgan O‘lmas Muzaffarov.

Biroq matbuot anjumanida mas'ullar savdo markazi qisqa fursat ichida buzib tashlanishi kutilayotgani haqida lom-mim demagan.

Kun.uz muxbiri tomonidan voqea joyidan yuborilgan video hamda suratlarda binoni buzish ishlari 9 dekabr kuni boshlangani, 10 dekabrga kelib bino butkul buzib tashlanganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, suratlarda savdo markazida sodir bo‘lgan portlash yon-atrofdagi binolar, ijtimoiy soha obektlari va aholi turar joylariga qanchalik zarar yetkazganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid