O‘zbekiston | 22:31 / 11.12.2021
23281
10 daqiqa o‘qiladi

Yangi Konstitutsiya, yangi Qo‘yliq, eski deputatlar, eski MTRK - X-News

“Snos”ga tushgan “Qo‘yliq” o‘rniga “dom” quriladimi? Yangilanadigan Konstitutsiyaga qanaqa moddalar kiritilishi kerak? Tezlikni yoqtiradigan haydovchilarni qanday yangiliklar kutyapti? Xpress'ning hafta dayjestida shu va boshqa mavzularda so‘z yuritiladi.

Hafta voqeasi – shubhasiz, Surxondaryo viloyati Denov tumani markazidagi portlash. O‘zbekistonda bunaqangi darajada kuchli portlash bo‘lganini siz ham eslay olmasangiz kerak.

7 dekabr tundagi portlashdan keyin vayronalar orasidan 2 kishining jasadi topildi, kamida 9 kishi jarohatlangan. Jarohat olganlardan 2 nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, ulardan birining o‘ng qo‘l barmoqlari uzilib ketgan...

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, bir necha kilometr naridan ham sezilgan. Jami 65ta uy zarar ko‘rgan, 6ta xonadon umuman yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan.

Portlash sababi bo‘yicha rasmiylar aytayotgan taxmin – bir necha soat davomida gaz sizib chiqishi. Lekin bu taxminga hamma ham ishonqiramayapti. Portlash ro‘y bergan vaqtda binoning 2-qavatida bo‘lganlardan biri “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “gaz umuman chiqmagani, hidi chiqsa, sezgan bo‘lishlari”ni aytgan.

Shu atrofda yashovchilar esa portlashdan ikki kun avval savdo majmuasiga odamlar kiritilmagani, u yerda savdo qilinmaganini aytgan. Ulardan ayrimlari portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Yana bir shubhali holat savdo markazidagi tadbirkorlar bilan bog‘liq. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning aytishicha, “Indenim” savdo markazida ishlovchi tadbirkorlar portlashdan bir kun oldin majmuadagi mavjud tovarlarini inventarizatsiya qilib chiqqan va u yerda qancha mol-mulklari borligini aniqlab olgan. Ular bu haqda tergov jarayonida aytib o‘tishgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan, o‘ndan ortiq ekspertizalar tayinlangan. Bosh prokuratura portlovchi moddalardan foydalanilmagan degan dastlabki xulosani berdi.

Bir jihatga e’tibor bering. Portlash soat 03:57da ro‘y bergan edi, lekin shu kuni “O‘zbekiston” va “O‘zbekiston 24” telekanallaridagi “Axborot”ning hatto kechqurungi sonlarida ham bu haqda ma’lumot berilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Milliy teleradiokompaniya va uning hududiy bo‘limlariga budjetdan 429 milliard so‘m ajratiladi. Bu – salkam 40 mln dollar degani.

Yangi Konstitutsiya

Denovdagi portlash qanchalik qonli va dahshatli bo‘lmasin, mutlaq ko‘pchilikka taalluqliligi bo‘yicha boshqa bir yangilikka teng kelolmaydi: O‘zbekistonda konstitutsiyani yangilashga tayyorgarlik boshlanyapti.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 8 dekabr – Konstitutsiya kuni arafasida O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.

Davlat rahbari ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishgan marosimda ham bu haqda aytib o‘tgan, lekin o‘shanda konstitutsiyani “takomillashtirish” haqida so‘z borgan edi. Endi esa yana ham aniqroq bo‘ldi: konstitutsiya yangilanadi. Keyingi yil 8 dekabr sanasiga yaqin Yangi O‘zbekistonning yangi konstitutsiyasi qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev butun xalqni bu jarayonda o‘z fikr-mulohazalari bilan qatnashishga chorladi. Reallikdan kelib chiqib davlat tilining obro‘sini kuchaytirish, bojlar miqdorini belgilash vakolatini hukumatdan olib qo‘yishni taklif qilgan bo‘lardik. Hokimlar saylovi va ishonchsizlik votumi kabilarni ham konstitutsiyaga kiritish vaqti kelgandir balki?

Yangi “Qo‘yliq”

Seshanba kuni Toshkent shahar hokimligi tarixiy “Qo‘yliq” bozori “snos”ga tushganini e’lon qildi. Buning ortidan uyg‘onayotgan savollarga esa doimgidek javob berilmayapti.

Hokimiyatning aytishicha, bozor buzilishiga sabab – yo‘lni kengaytirish va ko‘prik qurish. Lekin bozordagi tadbirkorlar nima qiladi, Toshkentda oziq-ovqatlar narxlari nima bo‘ladi, ko‘prikni kim quradi, buziladigan bozor o‘rniga “dom” quriladimi – bu savollarga rasmiy javob yo‘q.

Rasmiy javob yo‘q bo‘lsa ham, ko‘p narsa ma’lum bo‘lib bo‘ldi. “Qo‘yliq”dan 6,5 km masofada, O‘rta Chirchiq tumani hududida Food City majmuasi qurilgan ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarni Food City'ga ko‘chishga undash uchun ham “Qo‘yliq” bozori buzilayotgani haqida yozishyapti. Food City'ning nomi allaqachon “Yangi Qo‘yliq bozori” deb o‘zgartirilgan.

Bu sitining egalari qatorida kazo-kazolar borligi haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi. O‘zi shundayligi ham aniq edi, axir xaritaga qarang: 50 gektardan ortiq maydon sug‘oriladigan yer bo‘lganini taxmin qilsa bo‘ladi. Bunchalik katta sug‘oriladigan yerda qurilish qilishga ruxsat olish esa uncha-munchaning qo‘lidan keladigan ish emas.

Agar “Qo‘yliq”ning buzilishi menga taalluqli emas, men shaharning boshqa burchagida yashayman deyotgan bo‘lsangiz, adashasiz: “Qo‘yliq” – bu butun boshli savdo tizimining boshi: shahardagi savdogarlarning aksariyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aynan shu yerdan olib ketishadi.

Shu sababli ham “Qo‘yliq”dagi tadbirkorlar ko‘chishga qarshi: ular yangi majmuada ijara narxlari juda qimmatligi, bu esa tovarlar narxini oshirishi, mijozlarini yo‘qotib qo‘yishlarini aytishyapti.

Eslatib o‘tamiz, jahon tajribasida yo‘llarni kengaytirish va ko‘priklar qurish tirbandliklarni kamaytirmasligi isbotlangan. Buning uchun birinchi o‘rinda jamoat transportini yaxshilash kerak.

Yangi monopoliyalar?

“Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishi kerak”. Shavkat Mirziyoyev yangi Konstitutsiyaga mana shu tamoyilni kiritishni taklif qildi. Oxirgi paytlarda bo‘layotgan ishlarni inobatga olsak, bu juda o‘rinli taklif.

Masalan, hukumatning import kvotalarini joriy qilish haqidagi qarori, iqtisodchilarning fikricha, inson manfaatlariga zid. Aniqrog‘i, tanlab olinadigan insonlarga foydali, juda ko‘pchilikka esa zararli.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tushuntirishicha, import kvotalarini kiritish – savdoga to‘siq qo‘yishning usullaridan biri. Yangi tartib natijasida import qilish huquqi ham monopoliyaga aylanib ketishi mumkin. Chunki, hujjatga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi belgilangan kvota miqdorini importyorlarga bo‘lib beradi. Boshqacha aytganda, hukumat qaysi tadbirkor qaysi mahsulotni qancha miqdorda import qilishini belgilab beradi. Bu esa korrupsiya va monopoliyaga yo‘l ochishi mumkin.

Taniqli iqtisodchilar Otabek Bakirov va Behzod Hoshimov ham bu qarorni tanqid qilib chiqdi. Ular savdoni cheklash aholini kambag‘allashtirishini aytishdi. Behzod Hoshimov 164ta davlat a’zo bo‘lgan Jahon savdo tashkilotiga haligacha qo‘shilmaganimizni eslatib, buning oqibatini bitta misolda tushuntirdi:

“Tariximizdagi eng ko‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritilgan yil – 2019 yilda bizga kirgan chet el investitsiyalari Gruziyaga kirgan investitsiyalardan ham kamroq edi. Vaholanki, Gruziya bizdan o‘n barobar kichik va mamlakatning salmoqli qismi okkupatsiya ostida”.

Eski deputatlar

Bir nechta hafta oldin “bola puli” va “dekret puli” masalasida taklif bilan chiqqan deputatlarni maqtagandik. Bekor ekan. Katta ehtimol deputatlar bu talabini, aniqrog‘i taklifini hukumatga o‘tkaza olmagan.

Bilasizmi, oxirgi yillarda ochiqlik haqida qancha gapirildi, deputatlar uchun foydasi yo‘q ekan. Ular majlislarini yopiq eshik orqasida o‘tkazishga o‘rganib qolishgan. Hatto prezident farmoni ham ularni ochilishga majburlay olmayapti.

Shu yil yozda qabul qilingan farmon bilan 1 dekabrdan boshlab Oliy Majlis palatalaridagi majlislar jonli efirga uzatilishi kerak edi. Lekin o‘zlarini xalq vakillari deb ataydiganlar farmonni aylanib o‘tishning har xil yo‘llarini izlashyapti. Hozircha ikkita yo‘lini topishdi: birinchisi – Telegram'da kopi-pestdan iborat matnli translatsiya, ikkinchisi – majlisning bor-yo‘g‘i kichik bir qismini efirga uzatish.

Afsus, farmonda shunchaki “jonli efir” deb ketilgan ekan, “to‘liq ravishda jonli efir” deyilganida balki bunaqa “lazeyka” topa olishmasdi.

Darvoqe, farmonning bajarilmayotgan talabi faqat bu emas. Qaysi deputat va senator qaysi qonunga qanaqa ovoz bergani ham ochiqlanishi kerak edi.

O‘z saylovchilaridan bunchalik qochadigan deputatlardan nima ham kutish mumkin?

To‘liq dayjest bilan Xpress'ning YouTube'dagi sahifasida tanishing.

Mavzuga oid