O‘zbekiston | 14:29 / 13.12.2021
10265
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda mashina ikki o‘quvchini urib ketdi. Ulardan biri vafot etdi

Sharof Rashidov tumanida avtomobil ikki o‘quvchini urib ketdi, ulardan biri vafot etdi. Ushbu YTHdan keyin ko‘chada yoritkichlar va «sun'iy notekisliklar» o‘rnatilgan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi mashina 6-maktabning ikki nafar o‘quvchisini urib ketdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi. 

Haydovchi MY5 telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, kechki soat 18:00 atrofida 30–40 km/soat tezlikda ketayotgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki voyaga yetmagan bola boshqa avtomobildan qochib, mashina yo‘liga chiqib qolgan va yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Haydovchi bolalarning birini o‘z mashinasida shifoxonaga olib borgan, ikkinchi o‘quvchi esa tez tibbiy yordam mashinasida olib ketgan. Bolalarning biri vafot etgan, ikkinchisining ahvoli esa og‘irligicha qolmoqda.

Ushbu hodisadan so‘ng viloyat YHXB tomonidan tezkor shtab tuzilib, YTH sabablari o‘rganilgan. Ma'lum bo‘lishicha, avtohalokat sodir bo‘lgan ko‘chada yo‘l yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan. Yo‘lning qatnov qismida esa notekisliklar mavjud bo‘lgan.

Hodisadan bir kun o‘tib, bu yo‘llarni tekislash, sun'iy notekisliklar yotqizish ishlari boshlab yuborilgan. Endilikda mahallaning 1,5 kilometrli markaziy ko‘chasiga yoritkich chiroqlari ham o‘rnatilishi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid