Iqtisodiyot | 17:08 / 15.12.2021
24543
4 daqiqa o‘qiladi

Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilarga katta imtiyozlar: moliya vaziri nima deydi?

O‘zbekistonda oltin, mis, uran, neft va gaz qazib oluvchi xususiy kompaniyalarga misli ko‘rilmagan soliq imtiyozlari berilmoqda. Biroq bu imtiyozlar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz”ga berilmaydi. Moliya vaziri sabablarga to‘xtaldi.

Timur Ishmetov / Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

O‘zbekistonda 2022 yildan yer qa’ridan foydalanganlik uchun (oltindan tortib gazgacha) soliq stavkalari pasaymoqda. Lekin stavkalar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz” uchun o‘zgarmasdan qoladi. Bu 2022 yilgi budjetnoma va prezident qarorida ham aks etgandi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetov 2022 yilgi davlat budjeti borasida axborot berdi. 

“Budjet barqarorligini ta’minlash maqsadida 2022 yilda Navoiy kon metallurgiya, Olmaliq kon metallurgiya va “O‘zbekneftgaz” korxonalariga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari saqlab qolinadi. Shuningdek, mazkur korxonalarning sof foydasi bo‘yicha dividendlar 100 foiz miqdorda davlat budjetiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda”, — dedi vazir.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari kamaytirilishi oktyabr oyi boshida imzolangan farmonda belgilangan edi.

Unga asosan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari:

  • neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (amalda neft 20 foiz, tabiiy gaz 30 foiz);
  • oltin va mis uchun 7 foizgacha (amalda oltin 10 foiz, mis 10 foiz);
  • volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (amalda 10,4 foiz);
  • uran uchun 8 foizgacha (amalda 10 foiz) kamaytirilishi kutilyapti.

Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilar uchun bunday katta imtiyozlar 2022 yilgi davlat budjeti loyihasida ham aks etgan.

Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilarga bunday katta imtiyozlarning berilishi yerosti boyliklarning xorijiy va oligarxlarga tegishli kompaniyalarga o‘tib ketishi xavfini tug‘dirmaydimi degan savol tug‘ilmoqda. 

Bugungi yalpi majlisdagi nutqi davomida Timur Ishmetov soliq stavkalarining pasaytirilishini shunday izohladi:

“Soliq stavkalarini pasaytirish orqali investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalar miqdori kam bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish nazarda tutilgan.

Foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘i joriy qilinmoqda. Bu o‘z navbatida yer qa’ridan foydalanganlik uchun past stavkalar bilan birgalikda quyidagilarga imkon beradi:

  • investorlarga kapital xarajatlarni qoplash;
  • foydali qazilmalar kam bo‘lgan konlarning rivojlanishini ta’minlash.

Shu bilan birga, narxlarning yoki rentabellik oshishi tufayli olingan qo‘shimcha daromad davlat va investorlar o‘rtasida teng taqsimlanadi”, — dedi vazir.

Noyabr oyida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Kun.uz'ga xususiy korxonalarga imtiyozlar berishi oqibatida tug‘ilayotgan xavotirlarga qo‘shilmasligini bildirgandi.

“NKMK, OKMKga pasaytirilmayapti deganingiz, menimcha, ular davlat tashkilotlari-ku, shunga pasaytirilmagandir. Qolganlarga soliq stavkalarining pasaytirilgani bevosita xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hisobida ko‘proq mablag‘ qoladi, bu mablag‘lar o‘sha yerda ish o‘rni yaratilishiga reinvestitsiya qilinsa kerak”, — degandi u.

Kun.uz berilayotgan soliq imtiyozlari yerosti boyliklarining xorijiy va oligarxlarga tegishli kompaniyalarga o‘tib ketishi borasidagi xavotirlar qanchalik asosliligi borasida Moliya vazirligiga so‘rov yuborganiga 15 kun bo‘ldi. Jarayon hamon “kutish” rejimida.

Bugun Senatda moliya vaziri tomonidan xususiy kompaniyalarga berilayotgan imtiyozlar “investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalar miqdori kam bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish” maqsadi o‘laroq yangragan bo‘lsa ham, bu boradagi xavotirlar kamaymadi.

Ushbu savol hamon ochiq qolmoqda: berilgan soliq imtiyozlari natijasida bir birlik konni o‘zlashtirish NKMK va OKMKga xususiy kompaniyalarga qaraganda qimmatga tushishi oqibatida yerosti boyliklarini o‘zlashtirish xorijiy kompaniyalarga to‘liq o‘tib ketmaydimi? Oqibatlar haqida bosh qotirib ko‘rilganmi?

Mavzuga oid