O‘zbekiston | 14:06 / 29.12.2021
14017
5 daqiqa o‘qiladi

Qalbaki sementni “original” deb pullayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi

Ular dunyoga mashhur brend nomi ostida sifatsiz mahsulot sotmoqda. Farg‘onada ro‘y berayotgan firibgarlik ortidan Xitoy kompaniyasi va uning O‘zbekistondagi dilerlari moliyaviy zarar ko‘ra boshlagan. Xorij mahsuloti deb o‘zi ishlab chiqargan soxta sementni sotayotganlar jazolanmayapti.

Xitoyning “Xuaksin” kompaniyasi vakillari va o‘zbekistonlik tadbirkorlar sement mahsuloti bilan bog‘liq muammo yuzasidan Kun.uz'ga murojaat qilishdi.

Aytilishicha, “Xuaksin” sementlari yuqori sifatli va dunyo bo‘yicha xaridorgir. Kompaniya O‘zbekistonga ham sement eksport qilib keladi. Ayni paytda kompaniya mahsuloti respublika bozorida o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. Muammo shundaki, oxirgi paytlarda bozorda “Xuaksin” savdo belgisi ostidagi qalbaki sementlar uchramoqda. O‘zbekistondagi ustasi farang firibgarlar brend qopini original mahsulotnikiga o‘xshatib tayyorlab, ichiga sifatsiz sement joylab pullashmoqda.

Foto: Kun.uz

Kompaniya vakillari ushbu muammoga yechim topish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishgan. Ammo 1 yildirki, firibgarlarga hech qanday chora ko‘rilmayapti. Ular soxta sementlarni “original” deb pullashda davom etmoqda.

Abbosxon Qurbonov

Tadbirkor Abbosxon Qurbonovning aytishicha, bundan avvalo xalq jabr ko‘ryapti.

“2018 yildan beri “Xuaksin” sementlarini O‘zbekistonga import qilib kelamiz. Shu paytgacha mahsulotimiz yaxshi sotilayotgan edi. Ammo hozir bizning sementni qalbakilashtirib sotayotgan firibgarlar bozorimizga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Ularning mahsuloti tarkibida qum va sifatsiz sement aralashmasi bor. Buning orqasidan xalq ishonchini yo‘qotyapmiz va savdomiz ham keskin pasaymoqda.

“Xuaksin” savdo belgisi ostida qalbaki sement ishlab chiqaruvchi va sotuvchi savdo do‘konlariga murojaat qilgan paytimizda ular: “Bo‘ldi, bu ishimizni boshqa qilmaymiz, to‘xtatamiz”, deyishdi. Lekin shu vaqtgacha to‘xtatishmadi. Ular bilan kurash olib borishga tadbirkorning vakolati yetmas ekan. Qalbaki sementni olib ishlatganidan keyin birinchi o‘rinda xalq “kuyyapti”, ikkinchidan, tadbirkor. Bizning ancha mehnatimiz zoye bo‘lyapti”, dedi u.

Gao Tianyong

Kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Fio Gao Tianyong mazkur muammo bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi vijdonsizlarcha qilinayotgan xatti-harakatlar respublikaga sarmoya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarning mamlakatdagi tadbirkorlar manfaatlari himoyasiga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi mumkin.

“Kompaniyamiz O‘zbekistonga yuqori sifatli “M 500 portland” sementini eksport qilib kelmoqda. Mahsulotimiz xalqingiz, xususan quruvchilar tomonidan yaxshi qabul qilinadi.

Hozirda mamlakatingizda qurilish materiallariga bo‘lgan talab keskin ortmoqda. Shunday vaziyatda biz sidqidildan hamkorlik qilishga, sifatli mahsulotlarimizni bozorga yetkazib berishga harakat qilmoqdamiz. Ammo oldimizda paydo bo‘lgan bu muammo bizni o‘ylantirib qo‘ydi.

Yaqinda Farg‘onada katta miqdorda qalbaki sement topildi. Bu bo‘yicha xaridorlarimiz bizga shikoyat qilishdi. “Nima uchun sifat avvalgidek emas, pasayib ketdi”, deyishmoqda ular. Bu yil vaziyat juda jiddiy. Ushbu muammo bo‘yicha O‘zbekiston qurilish materiallari inspeksiyasiga, sud, prokuratura, ichki ishlar, soliq organlari va boshqa ko‘plab mas’ul davlat tashkilotlariga murojaat qildik. Ammo hech qanday natija olmadik. Ular bizga yordam berishmayapti. Yana bir bor huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga buni e’tiborga olishlarini, bozordagi mavqeyimizga ta’sir qilayotgan yashirin, qalbaki sement ishlab chiqaruvchilar ishlariga yakun yasashingizni so‘rayman. Biz kabi O‘zbekistonga xorijiy sarmoya kiritgan kompaniyalar manfaatini himoya qilishingizni istaymiz.

Qalbaki sement qoplarini ochib mahsulotni tekshirganimizda, u sementlar sifati 400, hatto 300 markadan ham past bo‘lib chiqdi. Agar bunday sementlar katta qurilish maydonlariga kirib borsa, buning oqibatlari og‘ir bo‘ladi. Qurilish obektlari xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi. Bunday firibgarlar nafaqat tadbirkorlar, balki O‘zbekiston xalqi manfaatlariga ham zarar yetkazadi”, – dedi investor.

Chindan ham xorijiy kompaniya mavqeyiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan mazkur holat bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilishi zarur. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z vakolatlari doirasida o‘rganish o‘tkazishlari, jinoyatchilarni jazolashlari maqsadga muvofiq.

Bugun rivojlanishga intilayotgan O‘zbekiston uchun chet ellik hamkorlar va ularning sarmoyalari ayniqsa zarur. Birovning brendini o‘zlashtirish orqali cho‘ntagini qappaytirayotgan kimsalar esa davlati yoki xalqi obro‘sini, manfaatlarini emas, cho‘ntagini o‘ylab ish qilmoqda. Oqibatda tadbirkor va iste’molchilar huquqlari poymol bo‘lmoqda.

Islombek Umaraliyev, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Qurbonov Ⓣ

Mavzuga oid