O‘zbekiston | 19:41 / 31.12.2021
39610
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada hammomda portlash ro‘y berdi. Uch kishi halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi hammomda portlash ro‘y berib, bino tomi qulab tushgan. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi jarohatlangan.

FVV matbuot xizmati Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan chaqnash bo‘yicha ma’lumot berdi.

«Joriy yilning 31 dekabr kuni soat 17:00da Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani «Qorayantoq» MFY Qorayantoq qishlog‘ida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasi chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda hammom binosining tom qismi qulab tushgan.

Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Afsuski, ushbu hodisa oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan», deyiladi xabarda.

Hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid