O‘zbekiston | 20:39 / 07.01.2022
3657
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 16 yoshli qiz 75 yoshli ayolni o‘ldirganlikda gumonlanib ushlandi

Samarqand shahrida 2005 yilda tug‘ilgan qiz uyali telefon talashish ortidan kelib chiqqan janjalda 75 yoshli ayolni o‘ldirganlikda ayblanib qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, 2021 yil 3 yanvar kuni soat 17:30 larda Samarqand shahrida yashovchi 75 yoshli M.R.ning (1947 yilda tug‘ilgan) jasadi uyining yotoqxonasida qotillik alomatlari bilan topilgan.

Hodisa joyiga viloyat prokurori birinchi o‘rinbosari H.Qobilov, viloyat prokurori o‘rinbosari S.Fayziyev, shahar prokurori o‘rinbosari B.Norboyev, viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Abduhamidov, IIO FMB EKB, STe ekspertlari va boshqa tezkor-tergov guruhi a’zolari chiqishgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filialining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhuma M.R.ni boshining peshona o‘rta va o‘ng tomon sohalarida ko‘kargan qontalash shish, chap qoshida yara, burni, ikkala ko‘z atrofi, bo‘yin, o‘ng va chap qo‘l sohalarida qontalash hamda shilinishlardan iborat tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Voqea joyida qo‘l barmoq izlari, qonga o‘xshash dog‘lari va soch tolalari bo‘lgan bir dona shisha bokal, 3 dona qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar, 12 turdagi sarg‘ish tilla rangli metalldan yasalgan taqinchoqlar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida ushbu qotillik jinoyatini marhumaning uyiga mehmonga kelgan 16 yoshli S.T. qilganligi aniqlangan.

Dastlabki surishtiruvlarda, S.T. 3 yanvar kuni soat 14:00 larda M.R. bilan uyali telefon ustida kelib chiqqan janjal paytida yotoqxonada bo‘lgan shisha bokal bilan ayolning bosh qismiga 3 marotaba zarb bilan urgani, so‘ng qo‘llari bilan uni bo‘g‘ib o‘ldirgan va hodisa joyidan yashiringani aniqlangan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha voyaga yetmagan S.T. himoyachi hamda pedagog-psixolog ishtirokida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.

Mavzuga oid