Jamiyat | 12:00 / 12.01.2022
66186
8 daqiqa o‘qiladi

Er-xotin mas’uliyati va burchi - Islomda oilaviy munosabatlar haqida

Jamiyatning bosh bo‘g‘ini bo‘lmish oila erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadi. Bu borada er-xotin zimmasiga yuklanadigan burch va vazifalar doimiy muhokamalar markazida bo‘lib kelgan. Kun.uz olima Odinaxon Muhammad Sodiq bilan uyushtirayotgan turkum suhbatlarning galdagi soni shu masalaga bag‘ishlanadi.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Erkak va ayollar masalasi har zamon va ham makonda tortishuvli masala bo‘lib kelgan. Bu yerda eng ko‘p muammolar qaysi nuqtalarda kelib chiqayotgani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilamiz.

Oila, er-xotinlik munosabatlari dinimizda muqaddas rishta hisoblanadi. Bu rishtani bog‘lash, oila barpo qilishda katta maqsadlar ko‘zlangan. Shu sababdan har ikkala tarafga ham o‘ziga yarasha mas’uliyatlar, burchlar, vazifalar yuklatilgan.

Avvalo, oila qurishdan maqsad nimaligini tushunish lozim. Shariatimizda har bir ishdan ko‘zlangan maqsad bor. Dinimizda insonning hayoti, aqli, dini, sha’ni va molini muhofaza qilish muhim hisoblanadi va shunga yarasha ahkomlar joriy qilinadi. Oila qurishdan maqsad – iffatni saqlash, ya’ni ikkala tomon ham bir-birlarining iffatlarini saqlashlari kerak bo‘ladi. Yana bir asosiy maqsad esa nasl qoldirish. Tinch-totuv oila bunyod etish ham maqsadlardan biri bo‘lib, oila tinch bo‘lsa – jamiyat ham tinch-totuv bo‘ladi. Jamiyatning salohiyatli bo‘lishi oilalarning salohiyatli bo‘lishiga bog‘liq.

Oilada er va ayolning o‘ziga xos mushtarak burch va vazifalari bor: nikohlanib, halol hayot kechirish, bir-biriga nisbatan Allohdan qo‘rqqan holatda munosabatda bo‘lish lozim.

Odinaxon Muhammad Sodiq
Foto: Kun.uz 

Erning ayoli oldidagi burchlari

Oilada erkakning o‘z ayoli oldidagi burchi ikki qismga bo‘linadi: moddiy va ma’naviy burchlar. Moddiy burchlarga ayol kishining ta’minoti nazarda tutiladi. Bu ayolga mahr berishdan boshlanib, oila qurilgach, uning barcha ehtiyojlari: yemak-ichmak, kiyim, maskan, agar qurbi yetsa, ayol uy yumushlarida qiynalib qoladigan bo‘lsa, uni yordamchi bilan ta’minlash, uy jihozlari, ozodalik uchun kerakli anjomlar bilan ta’minlash erkakning zimmasidagi burch hisoblanadi. U o‘z ayoli uchun bularni og‘rinmasdan amalga oshirishi kerak.

Ma’naviy burchlar esa ayolga ilm berish, uning dinini mustahkam qilishdan boshlanib, ayolga yaxshi munosabatda bo‘lish, yaxshi yashash nazarda tutiladi.

Qur’oni karimda ham: “Ayollaringiz bilan yaxshi muosharatda (yaxshi yashashlik) yashang”, deb amr qilingan. Ayolini yerga urib, xo‘rlab, unga aziyat yetkazmaslik, bee’tibor tashlab qo‘ymaslik ham erning ma’naviy burchi hisoblanadi.

Ayolning er oldidagi vazifalari

Ayol kishining o‘z eri oldidagi burchlarining asosi – uning itoatida. Erining ruxsatisiz nafl ro‘zasini tutmaslik, eri yoqtirmagan kishilarni uyiga kirgizmaslik, uydagi narsalarni uning iznisiz birovga bermaslik, erining sirlarini muhofaza qilish, uydagi oila ahli, bola-chaqalarini muhofaza qilish ayolning oldidagi vazifalardir.

Er va xotin bir-birlarining iffatlarini saqlashlari muhimligi haqida aytib o‘tdik. Hozirgi kunda ba’zi bir erkaklar tomonidan bu narsa e’tiborga olinmasligi ko‘p kuzatilmoqda. O‘z ayollarini uzoq vaqt hijronda tashlab qo‘yish oqibatida ko‘p ayollardan murojaatlar keladi. Erkak boshqa ayolning aralashuvi yoki boshqa sabablar bilan uzoq vaqt xotinini hijronda qoldiradi – unga nisbatan e’tiborsizlik qiladi. Buning oqibatida ayolda tushkunlik kayfiyati, tabiatida, xulqida salbiy o‘zgarishlar yuz beradi. Ayolni nikoh asosida halollab olgach, bu jihatlargayam e’tibor berish kerak.

Bizga sinov bo‘layotgan bir achinarli holatga nazar solinsa, telefon orqali boshqa ayollar bilan topishib olib, ular bilan gaplashish, ayolining oldida ular bilan huzurlanish, behayo-sharmsiz narsalar ko‘rish oqibatida o‘z ayollari bee’tibor qolishadi.

Shu o‘rinda ayollarimizga ham bir narsani ta’kidlash kerakki, modomiki erlarining haloli bo‘lishgach, faqat ular bilan huzurlansin. Bu uning haqqi hisoblanadi. Shuning uchun ham erning ko‘zi tushadigan holatda orolanib, erlari uchun ziynatlanish joiz.

Foto: Kun.uz 

Oilada erkakning ustunligi nima bilan isbotlanadi?

Hozirda er oldiga qo‘yilgan moddiy mas’uliyat – nafaqa masalasi ham asosiy muammoga aylanib qoldi. Oilada erkak o‘zini ustun hisoblasa ham ta’minot masalasiga kelganda qusurlari borligi ayon bo‘ladi. Shariatda uning ustunligi ta’kidlanadi, ammo qaysi jihatlari bilan ustun ekanliklari qayd etilgan.

Odatda jamiyatimizda erkakning ustunligi uning zimmasiga yuklanadigan vazifalarda ekaniga ko‘pincha ko‘z yumiladi.

Alloh taolo o‘z oyati karimasida erkaklarning ikki narsa tufayli ustun ekanliklarini aytgan. Erkak zoti qo‘mondonlikka munosibroq qilib yaratildi, chunki u o‘z oilasini tashqi ta’sirlardan himoya qilishga mas’ul etilgan. Jismoniy jihatdan ayoldan ko‘ra quvvatliroq bo‘lgani uchun ham shu vazifa unga berilgan. Bu faqat sharaf va martaba emas, balki mas’uliyatdir.

Ikkinchi jihat esa erkak oilada ta’minotni bo‘yniga olishi lozim. Shuning uchun ham oilada u rahbarlikka loyiq sanaladi. Lekin buni unutib, ishlamasdan, do‘st-birodarlari bilan vaqt o‘tkazib, chet elga ketib pul jo‘natmasdan turib, ayoldan ayollikni talab qilishadi va yana o‘zlarini ustun hisoblashadi.

Ayolning ta’minoti erning zimmasida, unga pul topish, oila boqish zarurati yuklanmagan. Bu alohida e’tibor beriladigan, qayta-qayta tushuntiriladigan masala. Chunki buning oqibatida oiladagi voyaga yetayotgan bolalar ham aziyat chekishadi.

Yaqinlar bilan munosabatlar

Ikki tomon ham bir-birining yaqinlari, oila a’zolariga o‘zaro hurmatni saqlashi, yaxshi munosabatda bo‘lishlari kerak. Bu holat ko‘pincha erkaklar tomonidan buziladi. Ayol erning xonadoniga borgach, uning oila a’zolari va yaqinlarining hurmatini joyiga qo‘yadi, aks holda tezda nizo chiqadi. Shunga yo‘l qo‘yadigan ayollar ham uchraydi, bu esa erning ko‘nglini qoldirib, oraga sovuqchilik soladigan sabablardan biridir.

Afsuski,erkaklar tomonidan ayolining yaqinlarini kamsitish, ularga nisbatan hurmatni saqlamaslik ko‘payib ketyapti – bu aslo mumkin emas. Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v) ota-onasi mushrik bo‘lganlarning ham ota-onalari haqida yomon gap aytishdan qaytarganlar. Chunki bu insonning qalbini og‘ritadi.

Ayol o‘z ota-onasi, yaqinlari bilan ko‘rishishni istaganda er tomonidan taqiqlash, yo‘l bermaslik ham ko‘zga tashlanadi. Bu ham katta xato: ota-onaning maqomi qanchalik ulug‘ ekani ta’kidlanib, ularga yaxshilik qilishga buyurilgan. Shunday ekan, turmush qurish bunga monelik qilmasligi lozim. Qolaversa, dinimizda silai rahm ulug‘lanadi. Bordi-keldi chegaralangan taqdirda ham, ayolning yaqinlari bilan aloqani uzishga qarshilik bo‘lmasligi kerak.

Oilada shu jihatlarga e’tibor qaratilib, amal qilinsa, oilalarimiz mustahkamligiga erishamiz.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid