O‘zbekiston | 09:40 / 17.01.2022
2466
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda akasining o‘limiga sabab bo‘lgan uka 5 yilga qamaldi

Navoiyda o‘zaro janjal oqibatida o‘z akasini ketmon dastasi bilan urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan ukaga sud hukmi o‘qildi. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lum qilinishicha, 1990 yilda tug‘ilgan, Xatirchi tumanida yashovchi Sh.O. 2021 yilning 4 avgust kuni Navoiy shahri Yoshlik mahallasi hududida olib borilayotgan qurilish obektining 3-qavatida akasi E.O. bilan birga ovqatlangan. Aka-uka spirtli ichimlik iste’mol qilishgan. Mast holatda ish haqi masalasida ular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Janjal oqibatida Sh.O. shu yerda turgan ketmon dastasi bilan akasining bosh qismiga bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazadi.

E.O. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2021 yil 9 avgust kuni kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi sudyasi Habibulla To‘xtayevga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialining 2021 yil 17 avgustdagi 137-sonli xulosasida marhum E.O.ning tanasida hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari borligi va bu jarohatlar uning o‘limi sababi bilan bevosita bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan.

Sud hukmi bilan Sh.O.ga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oldinroq Navoiyda erini bolta bilan chopib o‘ldirgan ayol 16 yilga qamalgandi.

Mavzuga oid