IIV tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatildi
“Yo‘qolgan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi.
2022 yil 1 martdan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu bo‘yicha murojaatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda o‘zining yoki yaqin qarindoshlarining (eri yoki xotini, farzandlari, nevaralari, aka-uka va opa-singillari) yo‘qolgan ashyolarni topish bo‘yicha jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari Markazga shaxsan kelib yoki YaIDXP orqali murojaat qiladi.
So‘rovnoma to‘ldirilib, unga yo‘qotib qo‘yilgan ashyoning alohida belgilarini aks ettiruvchi fotosuratlar, elektron ma’lumotlar, agar ashyo hujjat bo‘lsa, uning nusxalari ilova qilinishi mumkin.
Topib olingan ashyolar markazda 6 oy davomida saqlanadi. Agar bu vaqt ichida topilmani olishga haqli bo‘lgan shaxs aniqlanmasa, ashyoni topib olgan shaxsga uning ashyoga nisbatan mulk huquqi vujudga kelganligi to‘g‘risida xabar beriladi.
Ashyoni topib olgan shaxs uni qabul qilib olishni rad etgan taqdirda, ashyo davlat mulkiga o‘tadi hamda 3 ish kunida “E-auksion” savdo maydonchasida elektron auksionga qo‘yiladi.
Markazga kelib tushgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, guvohnomalar va turli xil rasmiy hujjatlar 1 oy ichida egalari tomonidan talab qilinmagan taqdirda, ushbu hujjatni bergan tashkilotga yuboriladi.
Yo‘qolgan ashyoning topilmaganligi haqida ma’lumotnoma berilganligi uchun BHMning 5 foizi (13 500 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda miqdor 10 800 so‘mni tashkil etadi.
Ariza “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan berilganda, to‘lov BHMning 2 foizi (5 400 so‘m) miqdorida undiriladi. Mazkur tartib jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar oqibatida yo‘qolgan ashyolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Markazga xususiyati buziladigan, biologik tarkibga ega bo‘lgan, turi, shakli, miqdori o‘zgaradigan ashyolar, iste’mol qilinadigan mahsulotlar, avtomototransportlar, dori vositalari, qattiq ta’sir qiluvchi zaharli moddalar, psixotrop va giyohvandlik vositalari, ularning prekursorlari, portlovchi va pirotexnik moddalar, qurollar va ularning o‘q-dorilari, shuningdek, hayvonlar qabul qilinmaydi.
2022 yil 1 martgacha yo‘qolgan ashyolarni qidirish, topilmalar haqida ma’lumot olish imkoniyatini nazarda tutuvchi “Topilmalar” avtomatlashtirilgan qidiruv tizimi joriy etiladi.
Mavzuga oid
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024