11:26 / 23.01.2022
22090

Chilangarlikdan Chernobilgacha. Halokat hududida bo‘lgan o‘zbekistonlik bilan suhbat

1986 yil 26 aprel kuni Chernobildagi atom elektrostansiyasi portlagan edi. Fojia ko‘plab insonlarni mayib-majruh qildi. Radiatsiya ta’sirida minglab kishilar hayotdan ko‘z yumdi. AES falokati natijasida 115 ming odam evakuatsiya qilingan. Fojia asoratlarini bartaraf etishda 526 mingdan ortiq kishi qatnashgan. Ularning barchasi keyinchalik radiatsiya bilan zararlanish oqibatida nogiron bo‘lgan. Falokatdan eng ko‘p jabrlanganlar o‘t o‘chiruvchilar bo‘lgan. Qutqaruvchilar orasida ko‘plab o‘zbekistonliklar ham bor edi.

Farg‘onalik G‘aybullo Madatov ham fojia asoratlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan edi.

«Chimyon mexanika zavodida chilangar bo‘lib ishlaganman. 1986 yilning sentyabr oyida Chernobilga ketib, o‘sha yil dekabrida qaytib kelganmiz.

Bizni qayerga olib ketishayotganini avvaldan aytishmagan. Chernobilga borasizlar deb gapirilmagan. U yerga partizan bo‘lib ketganmiz. Chernobilda garnizon ichida joylashgan maktabga joylashganmiz. Kapati degan joyda chilangarlik qilganmiz. Lom, changak uchun temir-tersaklar olib kelishardi. Shularni to‘g‘rilab falokat joyiga yetkazib berar edik. Ish jarayonida radiatsiya ta’sirini yaqqol sezganimiz uchun bizni u yerdan vaqtliroq chiqarib yuborishgan.

Uyga qaytishimizga oz qolganida bizni fojia joyiga olib borishgan. Bizni portlagan bloklar hududiga olib borishgan. Chernobilda yurganimizda bola-chaqani xayoldan o‘tkazganmiz. Safarga ketishimdan oldin 2 farzandim tug‘ilgandi.

Fojia joyida ishlab keyinchalik vatanga qaytganimizda, hayotimiz qanday bo‘lishini tinmay xayoldan o‘tkazar edik. Radiatsiyaning organizmga salbiy ta’siridan qo‘rqqanmiz.

Chernobildan uyga qaytganimda ozib ketganman. Rangim dokadek oqarib ketgandi. Kelganimdan keyin otam meni to‘xtovsiz davolatgan. Radiatsiya ta’sirida tishlarim to‘kilib ketdi. Onda-sonda boshim sababsiz og‘rib turadi. Oyoqlarim og‘rib qoladi. Tizzam zirqirab og‘riydi.

Odamlarning meva-chevalari qurib ketgan. Odamlar domlarda yashamay qo‘ygan. Bo‘shatib ketvorgan. Mevalari turgan, lekin barglari to‘kilib ketgan daraxtlarni ko‘rganmiz. Archalar sarg‘ayib ketgan. Ishga borib keladigan yo‘limizda bularning barchasiga guvoh bo‘lar edik.

Hozirda 1 qiz, 4 o‘g‘lim bor. 24 yoshimda ketgandim. Ketishdan avval 2 farzandim bor edi. Qaytgandan keyin 3 farzand ko‘rdim.

Salomatligimni saqlab qolishda otam qattiq kurashdi. Buning uchun otamdan minnatdorman. Avtobus va poyezdlarga imtiyoz bor. Bir yilda bir marta Rossiyaga borib davolanib kelamiz», – deydi G‘aybullo Madatov.

Chilangarning Chernobilga ketganini bilgan yaqinlari allaqachon undan umidini uzishgan edi. G‘aybullo Madatov qaytib kelib sog‘lig‘ini tiklash yo‘lida tinimsiz harakat qildi. 60 yoshni qarshilagan G‘aybullo aka hamon chilangarlik qiladi...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Top