Fan-texnika | 09:27 / 23.01.2022
180369
6 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors’dan «xushxabar», Jeepʼning gibrid krossoverlari – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnologiya va ilm-fanga oid xabarlarni jamladi.

TikTok va Instagram’dan pullik obuna xizmati

Foto: NurPhoto/Getty images

Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli TikTok mualliflarga o‘z kontentiga obuna bo‘lganlik uchun to‘lov olish imkonini beruvchi yangi servisni sinovdan o‘tkazmoqda.

Hozirda mazkur ilovada foydalanuvchilar mualliflarga virtual sovg‘a jo‘natishi, mualliflar esa sovg‘alarni haqiqiy pulga almashtirish imkoniyati mavjud.

Avvalroq Instagram blogerlar guruhi orasida pullik obuna xizmatini sinovdan o‘tkazayotganini ma’lum qilgandi. Yangi servis mualliflarga bevosita translatsiya va storislarni faqat pul to‘lagan obunachilarga ko‘rsatish imkonini beradi. Instagram 2023 yilgacha mualliflardan bu funksiya uchun komissiya olmaydi.

O‘tgan yili Twitter shunga o‘xshash Super Follows funksiyasini yo‘lga qo‘ygandi.

Jeepʼning gibrid krossoverlari

Foto: Jeep

Jeep kompaniyasi Yevropa bozori uchun Renegade va Compass krossoverlarining gibrid versiyalarini taqdim etdi.

e-Hybrid versiyalar 130 ot kuchiga ega 1,5 litr hajmlik benzinli turbo dvigatel va 7 pog‘onali robot uzatish qutisiga birlashtirilgan 20 ot kuchiga ega 48 voltli elektr motor bilan jihozlangan.

Hozirda yangi krossoverlarga Italiya, Fransiya va Germaniya bozorlarida buyurtma berish imkoniyati mavjud. Keyinchalik modellar boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘ladi. Jeep endilikda faqat gibrid modellardagi avtomobillar ishlab chiqarishni reja qilmoqda.

Video o‘yinlar segmentidagi eng qimmatli savdo xaridi

Foto: Reuters

Microsoft rekord miqdordagi xaridni amalga oshirib, video o‘yinlar yaratuvchisi Activision Blizzard kompaniyasini 68,7 milliard dollarga sotib oldi.

Bu video o‘yinlar segmentidagi eng qimmatli savdo xaridi bo‘ldi. Ushbu kompaniya mashhur Call of Duty o‘yinining asoschisi hisoblanadi. Activision Blizzard aksiyasi egalari har bir qimmatli qog‘oz uchun 95 dollardan olgan. Bu esa aksiyalarning 14 yanvar holatidagi birja narxidan 45 foizga ko‘p degani. Microsoft xarid haqida e’lon qilgach, aksiyalar narxi 88 dollargacha qimmatlagan.

Zararli gazlarni yutadigan «suyuq daraxt»

Foto: Hypergiant Industries

Hypergiant Industries kompaniyasining injyener-tadqiqotchilari zararli gazlarni yutishda daraxtlardan 400 barobar samaraliroq bo‘lgan biologik reaktor prototipi – «suyuq daraxt»ni yaratdi. Reaktor nafaqat havoni tozalaydi, balki qo‘shimcha tarzda xavfsiz yoqilg‘i ishlab chiqaradi.

90x90x120 sm o‘lchamga ega, uncha katta bo‘lmagan bunday qurilma 300 kvadrat metr maydonda joylashgan daraxtlar o‘ziga yutadigan gazlar miqdori kabi samara ko‘rsatgan.

Olimlar bu qurilmani Yeos deb nomladi. Bunday qurilmalarni shaharning istalgan joyiga o‘rnatish mumkin.

UzAuto Motors’dan navbatdagi «xushxabar»

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

UzAvto Lacetti va Cobalt'ni magnitolasiz sotishga o‘tdi. Mikrochiplar tanqisligi sabab koreyalik hamkorlar magnitola yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatdi, deb xabar qildi kompaniya. Lacetti va Cobalt uchun pul to‘lab qo‘yganlarga ikki xil variant taklif etildi:

1. Xaridor mashinasini salondan oladi, magnitolani esa bozordan o‘zi sotib oladi. Kompaniya magnitola va uni o‘rnatish xarajatlarini qoplab beradi. Qoplab beriladigan summa chegarasi ko‘rsatilmagan.

2. Xaridor mashinasini salondan oladi va magnitolasiz minib yuradi. Qachon UzAvto Motors’ga bu qurilma yetib kelsa, o‘shanda bepul o‘rnattiradi. Lekin u qachon yetib kelishi mutlaqo noma’lum. 

Samsung’dan «eng ilg‘or Galaxy»

Samsung kompaniyasi 2022 yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan onlayn tadbirida Galaxy S22 Ultra smartfonini namoyish etadi. Bu haqda kompaniya mobil bo‘lim mudiri Tae Mun Ron ma’lum qilgan. Yangi qurilma haqida ma’lumot yo‘q, biroq kompaniya modelni Galaxy S oilasidagi «eng ilg‘or» smartfon va «sanoat qoidalarini qayta yozadigan» gadjet deb atagan. Yangi Galaxy S22 Ultraʼning tungi suratlar va videolarni yanada tiniqroq va yorqinroq taqdim etishi hamda maksimal funksionallikni ta’minlashiga va’da qilingan.

O‘zbekistonning «Lochin» dronlari

O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufida Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.

Mazkur markaz tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga to‘liq javob beradigan «Lochin» nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, ikki xil maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan mazkur milliy loyiha Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan. Markaz uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ishlab chiqarish, yig‘ish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur yig‘uv jamlanmalari, texnologik va maxsus uskunalar, tekshirish (test laboratoriya) moslamalari kabi texnologik jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Mavzuga oid