O‘zbekiston | 21:14 / 30.01.2022
54942
5 daqiqa o‘qiladi

«Maktablarni kengaytirish kerak» - Prezident loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev har bir mahallaning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar bergandi. Taqdimotdagi loyihalar shuning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Mutasaddilar avvalgi topshiriqlarga muvofiq, bu borada mahalla va maktablardagi sharoitlar o‘rganilgani haqida axborot berdi. Qayd etilganidek, yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalladan 763 tasida sport obekti, 6 mingdan ortig‘ida kutubxona yo‘q. Shuningdek, 10 ming 130 ta maktabdan 2 mingdan ziyodida sport zali, 22 tasida kutubxona mavjud emas.

Bu joylarda sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha 3 xil tipdagi loyiha taklifi ishlab chiqilgan. Birinchisida kitob jovonlari va sport qurilmalari o‘rnatish, ikkinchisida ochiq sport maydonlari hamda uchinchisida yopiq inshootlar barpo etish nazarda tutilgan.

Davlat rahbari bu loyihalarni ma’qullamay, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

«Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima o‘ynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni o‘ylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa o‘zimizda ishlab chiqarilayapti.

Ikkinchidan, shu joylarda kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom qursa bo‘ladi. Kelgusida shifokor punktlarini ham joylashtirish mumkin. Umuman, bu orqali ham xizmatlar rivojlanadi, ham odamlar rozi bo‘ladi. Har bir mahallaning mana shunday iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerak, u yerda hayot qaynashi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, loyihani takomillashtirish, mahalla markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyoz beriladi va evaziga ijtimoiy mas’uliyat yuklanadi. Kunning ma’lum soatlari mahalla yoshlari uchun tekinga ajratiladi. Egasi bo‘lgani uchun tadbirkor ham daromad topadi, majmua ham qarovsiz qolmaydi.

Taqdimotda maktablar qamrovini oshirishga oid loyihalar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, kelgusi besh yilda O‘zbekistonda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish zarur. Shu bois davlat rahbari yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga asosan, 330, 660, 990, 1320 va 1650 o‘rinli maktablar loyihasi tayyorlangan. Bunda qo‘shimcha bino, ko‘p funksiyali zal, sanitariya-gigiyena xonalari qurish, zamonaviy laboratoriya, interaktiv doska, qulay o‘rindiqlar bilan jihozlash kabi barcha jihatlarga e’tibor qaratilgan.

Davlat rahbari mutaxassislar bilan har bir maktabning asosi va devori holatini o‘rganib chiqish zarurligini ta’kidladi.

«Buni nima uchun aytayapman? Iloji boricha, hozirgi maktablarning o‘zini kengaytirish kerak. Chunki bolalar ham, o‘qituvchilar ham o‘sha joyga o‘rgangan. Mahallaning o‘rtasida boshqa bo‘sh yer yo‘q. Chekka joydan qursak, borib-kelishga transport kerak, bolalar qatnashga qiynaladi. Shuning uchun maktablarning o‘ziga qo‘shimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiq», dedi prezident.

Holatiga qarab, har bir maktabga alohida yondashish, aholi demografiyasini inobatga olib, qayerda necha qavatli bino qurishni hisob-kitob qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili onkologiya tibbiyot markazi loyihasi bilan bir necha bor tanishib, qator topshiriqlar bergan edi. Bugun shu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Markaz binosi 10 qavatli, 650 o‘rinli bo‘ladi. 16 ta jarrohlik xonasi, 45 bemorga mo‘ljallangan reanimatsiya xonasi, davolash va tashxis bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kuniga 100 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega statsionar faoliyat yuritadi. Bugungi kunda binoning poydevorini tayyorlash boshlangan.

Davlat rahbari markazni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, bunda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Mavzuga oid