Jamiyat | 22:43 / 08.02.2022
7058
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turg‘unpo‘lat Daminov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Foto: tma.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati vakillari Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Turg‘unpo‘lat Daminov 2022 yilning 6 fevral kuni 81 yoshida vafot etdi.

T.Daminov 1941 yil 25 aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1964 yil Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, mehnat faoliyatini mazkur oliy ta’lim muassasasida stajyor-tadqiqotchilikdan boshladi. Keyinchalik aspiranturada tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

Zahmatkash olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat tibbiyot instituti dotsenti, kafedra mudiri, rektori, Toshkent pediatriya ilmiy-tekshirish instituti direktori lavozimlarida samarali mehnat qildi. Toshkent tibbiyot akademiyasida yoshlarga saboq berib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

T.Daminov o‘z ilmiy faoliyatida induktorlarni bolalar kasalliklariga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, ko‘p yillik izlanishlaridan so‘ng yangi turdagi benzonal induktor amaliyotda qo‘llana boshlandi. Natijada, o‘tkir va davomli gepatit kasalligining surunkali shaklga o‘tmasligini ta’minlab beradigan asosiy preparat davolash jarayoniga samarali joriy etildi.

T.Daminov 6 ta darslik, 14 ta monografiya, 45 dan ziyod ilmiy-uslubiy qo‘llanma va tavsiyanomalar, o‘nlab maqolalar muallifidir. Uning bevosita rahbarligida 21 ta fan doktori va 45 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan. T.Daminov mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, Oliy Majlis deputati sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Akademik T.Daminovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etildi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan shifokor” faxriy unvoni, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Mavzuga oid