O‘zbekiston | 07:38 / 25.02.2022
4022
4 daqiqa o‘qiladi

Kooperatorlar subsidiyani qanday olishi aniqlashtirildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2026 yil 1 yanvarga qadar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratadi.

Tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismiga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘yiladigan shartlar;
  • subsidiya olish bo‘yicha talabgorlarning arizalariga asosan manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish tartibi;
  • talabgorlar tomonidan subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlar to‘plami;
  • arizalarni ko‘rib chiqish tartibi;
  • tuzilgan kooperatsiya shartnomalari shartlari bajarilishini monitoring qilish tartibi.

Talabgorlar elektron arizani har yili 1 aprelga qadar YaIDXP yoki Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” DUKning “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali topshirishlari kerak.

Arizaga kooperatsiya asosida ish tashkil etganligini tasdiqlovchi tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va tuman hokimi yordamchisining tavsiyanomasini ilova qilinadi.

Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman moliya bo‘limi bilan birga 5 ish kunida taqdim etilgan ariza va hujjatlarning haqqoniyligini, talabgorlarning moliyaviy holatini joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Har yili 15 aprelga qadar talabgorlarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi va respublika ishchi guruhiga taqdim qilinadi. Har yili 20 aprelga qadar subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi respublika ishchi guruhi hududlar va tumanlar kesimida manzilli ro‘yxatni tahlil qilgan holda umumlashtiradi va tasdiqlaydi.

Subsidiya obekti xarid qilingandan keyin manzilli ro‘yxatga kiritilgan talabgorlar subsidiya olish bo‘yicha arizani YaIDXP yoki “Agrosubsidiya” AT orqali zarur hujjatlarni ilova qilgan holda elektron shaklda yuboradi.

Ariza kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida talabgorlarning subsidiyalash obekti joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va xulosa rasmiylashtiriladi. 

Talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalar va ma’lumotlar 3 ish kunida respublika ishchi guruhiga taqdim etiladi.

So‘ngra respublika ishchi guruhi:

  • xulosalar va ma’lumotlarni, zaruratga ko‘ra, talabgorlarning takliflarini 5 ish kunida o‘rganib chiqadi;
  • 3 ish kunida subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalarni rasmiylashtiradi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi xulosani olgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida talabgorlar bilan shartnoma rasmiylashtiradi.

Shartnoma tuzilgandan keyin subsidiya 3 ish kunida talabgorlarning banklardagi asosiy hisobvaraqlariga “UzASBO” dasturiy majmui orqali o‘tkazib beriladi.

Mavzuga oid