Iqtisodiyot | 15:43 / 04.03.2022
38387
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonovning holdingi «Kapitalbank»dagi aksiyalarini sotdi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM holdingi «Kapitalbank» aksiyalari sotilganini e’lon qildi. Usmonov 2021 yil noyabridan beri bankdagi ulushini oshirib kelayotgandi. Holding tarkibidagi kompaniya fevral oyida «Kapitalbank»ning 12,18 foiz aksiyasini sotib olib, o‘z ulushini 61,54 foizga yetkazgandi.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli holding nazorat qiluvchi «Kapitalbank» aksiyalari sotildi. Bu haqda bankning Telegram'dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

«USM holding «Kapitalbank» ATB (O‘zbekiston) aksiyalarining 61,54 foiziga birgalikda egalik qiluvchi «Telecominvest» MChJ (RF) va «Finance TCI» MChJ (O‘zbekiston) ustav kapitalidagi 100 foiz ulushini sotish bo‘yicha bitim tuzdi», deyiladi rasmiy xabarda.

Bitim «Kapitalbank» ATB biznesini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan xususiy investorlar guruhi tashabbusi bilan tuzilgan. Bitimning tijorat shartlari oshkor etilmagan.

«Kapitalbank»ning yirik miqdordagi aksiyalariga egalik qiluvchi kompaniyalar Alisher Usmonovga qarashli hisoblanadi. Rossiyalik milliarder 2021 yilning noyabr oyidan beri «Kapitalbank»dagi ulushini oshirib kelayotgandi.

«Kapitalbank» aksiyalaridagi o‘zgarishlar – xronologiya

  • 2021 yilning 4 noyabrida tadbirkor Oybek Tursunov «Kapitalbank»ning qariyb 112,5 mln dona aksiyalarini sotib oldi. Shu bilan u bank umumiy aksiyalarining 50 foiziga egalik qila boshladi;
  • Shu oy oxirida «Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat banki 215,3 mlrd so‘mlik aksiyalari qo‘shimcha emissiyasini joylashtirdi. Bankning ushbu aksiyalarini Alisher Usmonovning USM Holding kompaniyasi shu’ba korxonasi — «Telecominvest» MChJ xarid qildi;
  • Joriy yilning yanvar oyi boshida Alisher Usmonovga aloqador kompaniyaning «Kapitalbank»dagi ulushi 25 foizga yetdi. «Telecominvest» kompaniyasi «Kapitalbank»ning 8,33 foiz aksiyalarini sotib oldi;
  • Yanvarning oxirgi 10 kunligida Oybek Tursunov «Kapitalbank» affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Bu paytda Alisher Usmonov bankdagi ulushini yana oshirdi. Tursunovning affillanganlar ro‘yxatidagi o‘rni Rossiya kompaniyalari – «Telecominvest» MChJ va «Corus» AJ tomonidan to‘ldirildi. «Corus» kompaniyasi «Kapitalbank»ning affillangan shaxslari ro‘yxatiga 2022 yil 12 yanvardan boshlab qo‘shilgan. «Corus» ham Alisher Usmonovga qarashli «Telecominvest»ga affillangan;
  • 9 fevralda Usmonovga aloqador kompaniya yana «Kapitalbank»dagi ulushini oshirdi. Unga qarashli «Finance TCI» MChJ «Kapitalbank»ning 3,81 foiz aksiyasini sotib oldi. Shu bilan Alisher Usmonovga qarashli kompaniyalar ulushi jami 61,54 foizga yetgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Alisher Usmonovga nisbatan Buyuk Britaniya, AQSh, Yevropa Ittifoqi personal sanksiyalar joriy etgan. Bugun, 4 mart kuni AQSh rossiyalik oligarxlarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalar e’lon qildi. «Qora ro‘yxat»dan Alisher Usmonov ham o‘rin oldi. Sanksiya ostida qolganlar «AQSh moliya tizimidan uziladi, aktivlari muzlatiladi va mulklari bloklanadi.

Mavzuga oid