Jahon | 08:10 / 04.03.2022
32201
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Buyuk Britaniya Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh Rossiyaning Ukrainadagi «harbiy operatsiyasi»ga javoban rossiyaliklarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda Oq uy saytidagi xabarda aytilgan.

Foto: RIA Novosti

Sakkiz kishi va ularning oila a’zolari sanksiyalar ostida qoldi. Bular - «Transneft» rahbari Nikolay Tokarev, «Rostex» rahbari Sergey Chemezov va VEB.RF raisi Igor Shuvalov, milliarderlar Alisher Usmonov, Arkadiy Rotenberg va Boris Rotenberg, biznesmen Yevgeniy Prigojin va prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Oq uy 19 nafar «oligarx» va ularning 47 nafar oila a’zosi, shuningdek, ularga yaqin odamlarning AQShga kirishini taqiqlashini ta’kidladi. Bu shaxslar «Rossiyaning beqarorlashtiruvchi tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida g‘arazli harakatlarni moliyalashtirgan, qo‘llab-quvvatlagan yoki sodir etgan», deyiladi xabarda. Muayyan nomlar e’lon qilinmagan. 

Bundan tashqari, Vashington AQSh dezinformatsiyaning tarqalishiga aloqador deb hisoblagan Rossiyaning yetti tuzilmasi hamda ular bilan aloqador shaxslarga sanksiyalar kiritdi. Hammasi bo‘lib - 26 kishi. 

Sanksiya ostida qolganlar «AQSh moliya tizimidan uziladi, aktivlari muzlatiladi va mulklari bloklanadi», deyiladi Oq uy xabarida.

Vashington shunday aktivlar qatorida Usmonovning shaxsiy samolyoti va yaxtasini tilga olgan: AQShga ko‘ra, u Germaniya tomonidan «ushlangan». Milliarderning qiymati 600 million dollar bo‘lgan megayaxtasi Hamburg kemasozlik korxonasida xatlangani haqida Forbes USA manbalarga tayanib xabar berdi. Keyinroq Germaniyaning Spiegel nashri mahalliy hokimiyatga tayanib, shahar portida «birorta ham yaxta musodara qilinmagani», Usmonovning kemasi Blohm+Voss kemasozlik korxonasida ta’mirlanayotgani haqida yozdi. 

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya ham milliarder Alisher Usmonov va Rossiya bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari, VEB.RF davlat korporatsiyasi raisi Igor Shuvalovga qarshi sanksiyalar joriy qildi, deb xabar bermoqda VVS. Cheklovlar Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass tomonidan kiritilgan.

VVS’ning qayd etishicha, Usmonovning Angliyaning «Everton» futbol klubi bilan tijoriy aloqalari muzlatilgan. 

«Bugun hukumat Buyuk Britaniyada muhim manfaatlariga ega va Kreml bilan yaqin aloqaga ega bo‘lgan ikki oligarx - Alisher Usmonov va Igor Shuvalovga nisbatan aktivlarini to‘liq muzlatib qo‘ygani va ularning mamlakatga sayohatini taqiqlaganini e’lon qildi», — deyiladi Britaniya hukumati saytida.

Dauning-stritning qo‘shimcha qilishicha, Trass tadbirkorlarga nisbatan «sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha hukumatlararo ishlarni muvofiqlashtiradigan» vazirlar va boshqa mansabdor shaxslardan iborat ishchi guruh tuzadi. 

Mavzuga oid