O‘zbekiston | 14:20 / 13.03.2022
58781
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Kuchli yomg‘irlar tufayli bir nechta viloyatda sellar kuzatilmoqda

Ayniqsa Samarqand va Jizzax viloyatining aksar hududlarida ertalabdan buyon kuchli yomg‘ir va sellar kuzatilmoqda.

Foto: KUN.UZ

2022 yil 13 mart kuni ertalabdan O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida kuchli yomg‘ir yog‘ib sellar kuzatilyapti. Jumladan, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot, Urgut, Samarqand va yana bir qator tumanlarida sel oqayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Forish tumanlarida ham kuchli sellar kuzatilgan. Jumladan, Forish tumanida oqqan kuchli sel odamlarning hovlisiga va ayrim ijtimoiy obektlarga ham kirgani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Qo‘shrabot tumanida esa kuchli sellar tufayli ayrim yo‘llar yopilib qolgani, oqibatda o‘sha yo‘llarda transport vositalari harakati to‘xtab qolgani xabar qilinmoqda. Shuningdek, seldan o‘ta olmayotgan mashinalarni traktorlar pul evaziga o‘tkazib qo‘yayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Urgut tumanida ham ertalab boshlangan kuchli yomg‘ir hanuzgacha yog‘yapti. Tumandagi aksariyat soylarda, shuningdek, Urgut shahridagi ayrim ko‘chalarda sel oqmoqda. Sel tufayli jiddiy talafotlar sodir bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” joriy yilning 11-15 mart kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning 9 ta viloyatida tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

 

Mavzuga oid