Jahon | 09:09 / 25.03.2022
11516
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya yaqin orada NATOga kirishga ariza berishi mumkin

Finlandiya sobiq bosh vaziri Aleksandr Stubb fikriga ko‘ra, Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishi bir necha oy ichida hal etiladi. Sobiq bosh vazir so‘zlariga qaraganda, so‘nggi paytlarda bu boradagi jamoatchilik fikri keskin o‘zgargan.

Foto: Picture Alliance

Hozirda neytral maqomda bo‘lgan Finlandiya yaqin orada Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza berishi mumkin. Bu haqda mamlakat sobiq bosh vaziri Aleksandr Stubb 24 mart, payshanba kuni DW’ga bergan intervyusida aytdi.

«Mening taxminlarimga ko‘ra, Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi», dedi u. Vazirlar mahkamasi sobiq rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu, katta ehtimol bilan, bir necha kun va haftalarda emas, balki «bir necha oy»da sodir bo‘ladi. 

Stubbning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro fonida Finlandiyada jamoatchilik kayfiyatida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Agar avvalroq respondentlarning 50 foizi qo‘shilishga qarshi bo‘lib, 20 foizi yoqlagan bo‘lsa, hozir 62 foizi yoqlab, 16 foizi qarshi chiqmoqda, dedi u. 

Sobiq bosh vazirning eslatishicha, bunday qaror qabul qilish uchun masala parlamentdan o‘tishi kerak. «Oxir-oqibat biz NATOga a’zo bo‘lamiz», - dedi u. 

Aleksandr Stubb 1995 yildan beri bunday ssenariy tarafdori bo‘lganini va o‘sha paytda ozchilik tomonida bo‘lganini esladi. «Ammo hozir menimcha, aholimiz haqli ravishda men mantiqiy qo‘rquv deb ataydigan narsaga tayanmoqda», dedi u. Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat 1939-1940 yillardagi sovet-fin urushi davrida bo‘lgani kabi yana «yolg‘iz qolishni» istamaydi. «Shuning uchun aholi NATOga a’zo bo‘lish tarafdori», - deya xulosa qildi u. 

Finlandiya Rossiyadan 1300 km uzunlikdagi chegara bilan ajralib turadi. «Har qanday holatda ham NATO boshqa davlatlarga nisbatan «ochiq eshiklar» siyosatini olib borayotganidan xursandmiz. Finlandiyada NATOga a’zo bo‘lish imkoniyati bor va biz bunga texnik jihatdan tayyormiz», degandi fevral oyida tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid